Jahon | 16:50 / 13.09.2018
44134
3 daqiqa o‘qiladi

Video: Petrov va Boshirov inglizlar kechirim so‘rashini talab qilishdi

Britaniya politsiyasi tomonidan Rossiya razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripalni zaharlashda gumondor sifatida ko‘rsatilgan Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov Russia Today telekanali orqali chiqish qilishdi. Oldinroq xabar qilinganidek, telekanal rahbari Margarita Simonyan gumonlanuvchilar bilan suhbatlashgan.

«Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov - bu bizning haqiqiy ismlarimiz (Britaniya politsiyasi bu gumondorlarning haqiqiy ismi emasligini, ular soxta pasport bilan Britaniyaga kelishganini ta'kidlagandi - tahr.). Londonga o‘z ishlarimiz bilan borganmiz. Solsberida Old Sarum, Stounhenj kabi diqqatga sazovor yerlarni tomosha qildik. 3 mart kuni bo‘ron ko‘tarildi va biz shaharni aylana olmadik. 4 mart kuni esa baribir u yerlarni borib ko‘rishga qaror qildik (Britaniya politsiyasi gumondorlar Solsberiga ikki marta borishganini aytgandi. Inglizlarning fikricha, Petrov va Boshirov 3 mart kuni avvaliga vaziyatni o‘rganish uchun safar qilishgan. 4 mart kuni esa yana Skripalning uyiga borib, uy eshigi dastagiga «Novichok» moddasini surtib qo‘yishgan).

Oldin Skripal kim ekani haqida umuman eshitmagandik. Bizning yonimizda «Nina Ricc» nomli duxi borligi safsata (Britaniya politsiyasining ma'lum qilishicha, «Novichok» aynan «Nina Ricc» nomli ayollar atiri idishiga solingan bo‘lgan). Erkak odam o‘zi bilan ayollar duxisini olib yuradimi? Bu g‘alati emasmi?

Bizning shaxsiy hayotimizga aralashmanglar. Biz sizning oldingizga himoya so‘rab kelgandik, lekin siz bizni so‘roqqa chaqirgan ko‘rinasiz. Biz razvedka boshqarmasida ishlamaymiz. Biz tadbirkorlarmiz. Fitnes industriyasi bilan shug‘ullanamiz.

Britaniyaliklar ko‘p narsani gapirishadi. Biz aeroportda doim bitta yo‘lakdan yurganmiz. Biz Skripalni kim o‘ldirganini bilmaymiz, lekin agar haqiqiy jinoyatchilar topilsa, inglizlar bizdan kechirim so‘rashini va bizni tinch qo‘yishlarini xohlaymiz»,- deyishdi ayblanuvchilar 25 daqiqalik suhbat davomida.

Mavzuga oid