Anons: Ispaniyada Klassiko, «Uotford» uchun navbatdagi imtihon va boshqa uchrashuvlar
Terma jamoamiz o‘yinlari, yangi tashkil etilgan Millatlar Ligasi yoki boshqa o‘rtoqlik o‘yinlari so‘nggi ikki haftada xumoringizni bosa oldimi, yo‘qmi, bilmadig-u, bugundan yana klublar o‘rtasidagi futbol qaytmoqda. Kelasi haftadan YeChL ham boshlanishi bois, top klublar o‘z o‘yinlarini ertaroq o‘tkazishadi, ya'ni aksariyat e'tiborli uchrashuvlar shanba kuni bo‘ladi. E'tiboringizda navbatdagi dam olish kunlari uchun qiziqarli uchrashuvlar anonsi.
TOTTeNHEM – LIVeRPUL (15 sentabr, 16:30)
Ajoyib futbol bo‘lishi shubhasiz. Har ikki murabbiy ham uchrashuv ahamiyati va natija bilan birgalikda, o‘yinning tomoshabopligiga ham urg‘u qaratadilar.
O‘yin oldidan jamoalarning bir xil pozitsiyada bo‘lishlari kutilgandi. Ammo Manchesterda ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritgan “Tottenhem” kutilmaganda Uotfordda mag‘lubiyatga uchradi. Aynan shu o‘yinda yangi stadionning ochilishi ko‘zda tutilgan holda, bu voqeaning ham noma'lum muddatga kechiktirilgani yana bir salbiy holatlardan biridir. Besh yillik yomon seriyadan so‘ng, nihoyat o‘tgan yili “Liverpul”ni yutishni uddasidan chiqqan “taqachilar” bu o‘yinda ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushishlari aniq.
“Liverpul”ning holati biroz boshqacha va oldimizda qiziq savol turibdi. Bir tomondan, dastlabki 4 turni yuz foizlik natija bilan yakunlagan “Liverpul” juda yaxshi sport formasiga kirib olgandek tuyuldi va terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus bu ijobiy tendensiyaga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Ikkinchi tomondan esa, aksincha, e'tibor bergan bo‘lsangiz, “Lester” bilan o‘yinda “Liverpul” mavsumdagi ilk golini o‘tkazib yubordi. Va umuman, o‘sha o‘yinda jamoa o‘yinida biroz pasayish va muammolar ko‘zga tashlandi. Balki mana shunday salbiy burilish nuqtasida tanaffus yuzaga kelgani Kloppning foydasiga ishlar? Bu farazlarning qaysi biri to‘g‘ri ekanini faqat uchrashuvdan so‘ng bilishimiz mumkin.
Shuningdek, har ikki jamoa kelasi haftada Yevropa Chempionlar Ligasida maydonga tushishlarini ham e'tiborga olish kerak. Har ikki jamoa juda murakkab guruhga tushishdi va qizig‘i,aynan 1-tur asosiy raqiblarga qarshi kechadi. “Liverpul” “PSJ”ga qarshi, “Tottenhem” esa “Inter” bilan o‘ynashi lozim.
“Liverpul”ga kelayotgan uch hafta xavas qilib bo‘lmaydi. Klopp shogirdlarini shu davr ichida “Tottenhem”, “Manchester Siti”, “PSJ”, “Napoli” va ikki marta “Chelsi” bilan o‘yinlarga tayyorlashi kerak bo‘ladi.
Tarkiblarga kelsak, “Tottenhem” safida Dele Allining maydonga tushishi so‘roq ostida. U terma jamoa yig‘inlarini ham oxiriga yetkazmay, ortga qaytishga majbur bo‘lgandi. Shuningdek, Erik Lamela va Ugo Lorislar jamoaga yordam bera olmaydilar. “Liverpul”da o‘zgarish yo‘q – Deyan Lovren va Adam Lallanalarning qaytishlariga 2-3 hafta bor.
NAPOLI – FIOReNTINA (15 sentabr, 21:00)
“Napoli”ning mavsum boshidagi taqvimiga xavas qilib bo‘lmaydi. Avvaliga “Latsio” va “Milan” qarshiligini bir amallab yenggan Anchelotti shogirdlari o‘tgan turda Genuyaga safar qilishdi. O‘z maydonida juda kuchli o‘ynaydigan “Sampdoriya” neapolliklarga imkoniyat qoldirishmadi. Endi esa, yana bir kuchli jamoa, mavsumni juda yaxshi boshlagan “Fiorentina”ni yengish kerak. “Yuventus” uyoqda “Parma”, “Kevo” yoki “Sassuolo”lardan ochko yig‘ib turgan paytda, o‘rtadagi farq oshib ketsa, vaziyatni o‘nglash imkonsiz holga kelishi aniq.
“Fiorentina” yuqorida aytilganidek, mavsumni yaxshi boshladi, ikki o‘yinda ikki g‘alaba. Ammo keyingi tanaffusgacha bo‘lgan davr haqiqiy sinov davri deb aytish mumkin. Pioli jamoasi mana shu 21 kun ichida safarda “Napoli”, “Sampdoriya”, “Inter” va “Latsio” bilan o‘ynashlari, o‘z maydonlarida ancha yaxshi o‘ynayotgan “Atalanta”ni qabul qilishlariga to‘g‘ri keladi. Aynan shu o‘yinlar jamoaning mavsumdagi salohiyatini belgilab bersa kerak.
O‘zaro o‘yinlarga qarasak, o‘tgan mavsumda aynan “Fiorentina” “Napoli”ning chempionlik orzusini chilparchin qilgandi. Genuyada o‘tgan o‘yinda mezbonlar 3:0 hisobida g‘alaba qozonishgan va shu o‘yindan keyin “Napoli” “Yuventus”ga yeta olmasligi ayon bo‘lib qolgandi. Bu g‘alaba “Fiorentina”ning so‘nggi 18 o‘yindagi ikkinchi g‘alabasi edi xolos. Aytgancha, Neapolda o‘tgan so‘nggi yetti o‘yinning 3 tasida 0:0 hisobi qayd etilganini, yana bir o‘yinda mehmonlar 1:0 hisobida yutib ketishganini e'tiborga olsak, bu o‘yin ham juda qiyin o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi.
UOTFORD – MANCheSTeR YuNAYTeD (15 sentabr, 21:30)
Nihoyat chempion jamoani tuzgandek ko‘rinayotgan Klopp, APL dagi debyut mavsumidayoq dadil odimlayotgan Sarri qolib, avgustning eng yaxshi murabbiy etib Xavi Grasiya e'tirof etildi. Hech kim e'tiroz qilmadi ham, axir “Uotford” ham kamtar tarkibi bilan yuz foizlik natijani, boshqacha aytganda, o‘z tarixidagi eng yaxshi startni namoyish etmoqda. Dastlabki o‘yinlardagi g‘alabalarni raqibning kuchsizligi bilan baholaganlar uchun “Tottenhem”ga qarshi o‘yin javob sifatida yo‘llandi. Bu o‘yinda Grasiya shogirdlari irodali g‘alabaga erishdilar.
Navbatdagi sinov ham oson bo‘lmaydi. Tanqid ummonning eng tubiga tushirib yuborilib, sekin asta yuqoriga harakat qilayotgan Joze Mourino jamoasi bor. Oddiy “anderdog” raqibdan ko‘ra, bu pallada Joze uchun aynan yuqori o‘rinda borayotgan “Uotford” qulayroqdir? Albatta, “Uotford”da ham asta sekin bosim paydo bo‘la boshlayapti va “nega endi yana g‘alaba qozona olmaslik kerak?”, degan savol chiqyapti. Bu holatda qopqonga tushib qolish hech gap emas.
Terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusni Mourino kutdi. Shu davr paytida mavsumni jarohat bilan boshlagan ba'zi futbolchilarning to‘liq tiklanishlariga umid qilingandi. Ammo Angliya terma jamoasi safida Lyuk Shou jarohat oldi va ertaga asosiy tarkibda tushmasligi ehtimoli katta. Shuningdek, Fellayni ham terma jamoa yig‘inlarida jarohat oldi.
Tahlilchilar “Uotford”ning kuchli startiga sabablardan biri sifatida, birorta ham jamoa a'zosi jahon chempionatida qatnashmagani va bu Grasiyaga to‘liq tarkib bilan uzun mavsumoldi yig‘inlarini o‘tkazish imkoniyatini berganini aytgandilar. Bu faktor hozir ham amalda – “MYu”ning deyarli to‘liq tarkibi (faqat Aleksis Sanches klubga e'tibor qaratish maqsadida Chili terma jamoasi murabbiyidan ruxsat so‘radi) so‘nggi ikki haftani terma jamoa bilan, rasmiy va o‘rtoqlik uchrashuvlarda o‘tkazishgan bo‘lsa, “Uotford” bemalol shu o‘yin uchun tayyorgarlik ko‘rish sharoitiga ega bo‘ldi. Umuman, terma jamoalar yig‘inlaridan keyingi turlar butun Yevropada top klublarga noqulaylik tug‘diradi.
O‘zaro so‘nggi olti o‘yinning beshtasida “MYu” g‘alaba qozongan. Ammo “Uotford” qo‘lga kiritgan yagona g‘alaba atigi ikki yil oldin, Joze Mourinoning ilk mavsumida ro‘y berganini ta'kidlash kerak.
ReAL SOSeDAD – BARSeLONA (15 sentabr, 19:15)
ATLeTIK – ReAL MADRID (15 sentabr, 23:45)
Afisha uchun juda zo‘r tur. “Barselona” “Real” bilan o‘ynaydi, “Real” “Klassiko”da maydonga tushadi. Qalay?
Aslida sal boshqacharoq. Kataloniyaliklar boshqa “Real” bilan Sosedadda maydonga tushadi. Bu stadionning “Barselona” uchun naqadar noqulay ekani va qariyb o‘n yil g‘alaba qozona olmaganini yaxshi bilamiz. Faqatgina shu yilning yanvarida “Barselona” 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo o‘sha o‘yinni ham oson o‘tgan deb bo‘lmaydi, chunki mezbonlar uchrashuv davomida 2:0 hisobida oldinda borgandilar.
Bu safar basklar uchun yanada qiyin bo‘ladi, bir qator asosiy futbolchilar jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqishdi. Oldingi chiziqda Adnan Yanuzay va Uilyam Joze, shuningdek, asosiy himoyachilardan biri Diyego Lorente kamida bir oy jamoadan tashqarida bo‘ladilar. “Barselona”ning sobiq hujumchisi Sandro Ramires ham bu safar o‘zini ko‘rsata olmaydi.
“Real” esa, Baskoniyaning boshqa jamoasi “Atletik” mehmoni bo‘ladi. Bu to‘qnashuvni ispanlar “Klassiko” deb ham ataydilar, chunki aynan “Atletik” tarixiy nuqtai nazardan “Real” va “Barselona”dan keyingi eng buyuk klub deyish mumkin. Ikki granddan tashqari yuqori divizionni hech qachon tark etmagan yagona klub ham “Atletik”dir.
Bilbaoliklar “Real” bilan ham odatda yaxshi o‘ynaydilar. Bu yerda o‘tgan so‘nggi to‘rt o‘yinning faqat bittasida mehmonlar g‘alaba qozonganlar xolos. Hozirgacha ochko yo‘qotmagan Lopategi jamoasi dastlabki jiddiy sinov oldida ekanini shu fakt orqali ham anglash mumkin. Afsuski, “Atletik” safida aynan top klublarga qarshi haqiqiy qurol bo‘lgan tajribali hujumchi Arits Adurisning bu o‘yinga maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi.
BOShQA O‘YINLAR
14 sentabr, juma
23:00. BORUSSIYa D – Ayntraxt
23:45. PSJ – Sent Eten
15 sentabr, shanba
16:00. ATLeTIKO – Eybar
18:00. INTeR – Parma
18:30. BAVARIYa – Bayyer
19:00. CheLSI – Kardiff
19:00. MANCheSTeR SITI – Fulhem
16 sentabr, shanba
15:30. ROMA – Kevo
18:00. YuVeNTUS – Sampdoriya
23:30. Kalyari – MILAN
Mavzuga oid

16:55 / 23.05.2025
«Real» Karlo Anchelotti ketishini e’lon qildi

12:05 / 22.05.2025
«Tottenhem» finalda «MYu»dan ustun keldi va mavsumni qutqarib qoldi

15:13 / 21.05.2025
«MYu» yoki «Tottenhem»: ikkinchi darajali yevrokubok kimga ko‘proq kerak?

11:33 / 19.05.2025