Jahon | 18:37 / 14.09.2018
34280
2 daqiqa o‘qiladi

Petrov va Boshirov intervyudan so‘ng g‘oyib bo‘lgani ma'lum qilindi

Foto: Russia Today

Britaniya hukumati tomonidan GRU sobiq xodimi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlashda ayblangan rossiyaliklar Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanga berilgan intervyudan so‘ng o‘z telefonlari o‘chirib qo‘ydi. Bu haqda uning o‘zi BBC Newsnight’ga intervyusida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Daily Telegraph.

Simonyanning so‘zlariga ko‘ra, Petrov hamda Boshirov unga Solsberidagi ibodatxona fonida tushgan fotosuratlarini WhatsApp orqali yuborishni va'da qilishgan, biroq hozircha bu ro‘y bermagan.

«Men ular o‘zimga qo‘ng‘iroq qilgan raqamni bir necha marta terdim, ammo u o‘chirib qo‘yilgandi. Ular fotosuratlarni topishsa, menga jo‘natishlarini aytishgandi, lekin men hamon kutmoqdaman», - deya Simonyanning intervyusidan iqtibos keltirgan Daily Telegraph.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Petrov va Boshirov suratga olish ishlaridan avval unga bu ularning birinchi hamda oxirgi intervyusi ekanligini ma'lum qilishgan. Erkaklar intervyuga jurnalistlarga qarindoshlari, ish bo‘yicha sheriklari, tanishlari yoki sinfdoshlarini topishda yordam bermaydigan savollar berilsa, rozi bo‘lishgan, deb qo‘shimcha qildi Simonyan.

13 sentabr kuni RT’ga intervyuda Petrov va Boshirov GRUga ishlamasliklari, Skripallarga suiqasdga aloqador emasliklari, Solsberiga sayyohlar sifatida borishganini ma'lum qildilar. Ularning iddao etishicha, Solsberi ikki marta borishgan - 3 va 4 martda, sababi birinchi safarda yomon ob-havo tufayli diqqatga sazovor joylarni tomosha qila olishmagan. Simonyanning ularda ibodatxona yonida tushgan suratlari bor yoki yo‘qligi haqidagi savoliga, aniq javob berilmadi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq London Putinni Skripallarni zaharlashda ayblagandi

Mavzuga oid