O‘zbekiston | 10:30 / 18.09.2018
12686
2 daqiqa o‘qiladi

HSBC banki boshqarma boshlig‘i Odilbek Isoqov O‘zbekiston moliya vazirining maslahatchisiga aylandi

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 15 sentabrdagi buyrug‘iga asosan Odilbek Rustamovich Isoqov moliya vazirining maslahatchisi, Moliya vazirligining davlat suveren, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Odilbek Isoqov 1981 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, 1998-2000 yillarda Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetida tahsil olgan.

Buyuk Britaniyadagi Manchester Metropolitan Universitetining Biznes Iqtisodiyoti bo‘yicha bakalavri (BA in Business Economics), Stratklayd Universitetining Moliya bo‘yicha magistr (MSc in Finance) darajalariga hamda Malakali Moliyaviy Tahlilchi (CFA - Chartered Finance Analyst) kvalifikatsiyasiga ega.

Odilbek Isoqov dunyoning eng yirik banklaridan biri HSBC bankidagi 12 yillik mehnat faoliyati davomida Rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash bo‘yicha investitsiya bankiri sifatida tajriba orttirgan. Markaziy va Sharqiy Yevropa, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yaqin Sharq va Afrika davlatlari va davlat tashkilotlari uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar (obligatsiyalar, kredit notalar) chiqarishni va banklar sindikatidan kredit olishni tashkil etish bilan shug‘ullangan. 2011 yildan beri umumiy qiymati 115 milliard AQSh dollaridan ortiq 70dan ortiq muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalarni boshqargan. 

2016 yil mart oyidan hozirgacha HSBC investitsiya banki rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar chiqarishni tashkil etish boshqarmasi direktori (London, Buyuk Britaniya) lavozimida ishlab kelgan. 

Nufuzli “GlobalCapital” nashrining “Jahon moliya bozorlarida rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash bo‘yicha eng yaxshi bankir” unvoni uchun 3 karra nominatsiya sazovori bo‘lgan.

Mavzuga oid