Jamiyat | 12:40 / 20.09.2018
57696
3 daqiqa o‘qiladi

Video: Bog‘cha mudirasi tekshiruvchilardan qo‘rqib go‘shtni chiqindixonaga tashlab yuborgan

“O‘zbekiston 24” telekanalida Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 197-sonli maktabgacha ta'lim muassasasidagi holat haqida lavha efirga uzatildi.

Bu yerdagi pala-partishliklar, qo‘shtirnoq ichidagi o‘yinlardan yoqa ushlaysiz, deyiladi lavhada. 

Kadrlar bilan bog‘liq mashmashalar, norasida go‘daklarning haqiga xiyonat, ishchi xodimlarning insoniy manfaatlarini toptash... Xullas, tekshiruvlar natijasida gapirsa til, gapirmasa dil kuyadigan juda ko‘plab holatlar aniqlangan, deya qayd etiladi lavhada. 

-  Ushbu muassasani mudiraning onasi - Nodira opa degan ayol boshqarib kelganligi holatlari aniqlandi. Bizga ushbu muassasaning ustidan juda ko‘plab ariza va shikoyatlar kelib tushdi. Shu shikoyatlar asosida o‘rganib chiqilganida, ota-onalar hamda xodimlar “Nodira opa” degan ayolni mudira deb bilishlarini aytishdi, - deydi Maktabgacha ta'lim vazirligi ichki audit xodimi. - Bundan tashqari, muassasaga turli lavozimlarga rasmiylashtirilgan uch nafar shaxs haqiqatda ish vazifalarini bajarmagan bo‘lib, ularning nomlariga ish haqlari hisoblangan. Muassasada qo‘shtirnoq ichidagi tijorat guruhlari tashkil qilingan bo‘lib, davlat tomonidan belgilangan ota-ona badal pullaridan tashqari, ota-onalar tomonidan 125 ming so‘mdan qo‘shimcha to‘lov to‘lab kelingan. Bolalarga oziq-ovqatni tashkil qilish masalalari bo‘yicha o‘rganilganida, o‘rganish kunida 56 kg go‘sht mahsuloti qozonga solinishi kerak bo‘lgan bo‘lsa-da, lekin haqiqatda 56 kg go‘sht aniqlanmadi. Uning o‘rniga 9 kg kecha pishirib qo‘yilgan go‘sht mahsuloti muassasa oshxonasida aniqlandi. 

Lavhada bildirilishicha, tekshiruvchilardan yashirib chaqqon xodimlar o‘sha pishgan-aynigan go‘shtni chiqindixonaga tashlab yuborishgan. Oshxonada esa pishayotgan ovqatga avvalboshidan solinmagan go‘sht tekshiruvchilar bu yerga kirib kelgunigacha solib yuborilganligi ma'lum bo‘lgan. 

Tasvirga olish jarayonlari ketayotganligidan xabar topgan bog‘chaning sobiq mudirasi ayni paytda faoliyat olib borayotgan xodimlarga tahdid etib telefon qilgach, suhbatdoshining po‘pisalaridan ularning ahvoli yomonlashdi. Tez yordam mashinasi chaqirtirilgan.

Yana bir achinarli holat - bog‘cha hududida chinni buyumlar, ya'ni piyola ishlab chiqaradigan sex ochilgan. Mutaxassislarning e'tiroficha, bu sexda foydalaniladigan xomashyo va bo‘yoq bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazadi.

Mavzuga oid