Jahon | 14:30 / 23.09.2018
47400
4 daqiqa o‘qiladi

Il-20 halokati bo‘yicha yangi ma'lumotlar taqdim etildi. Rossiya Isroilni rasman aybladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyada harbiy razvedkachi Il-20 samolyoti halokatga uchrashida Isroil Harbiy-havo kuchlarini aybdor deb topdi. Bu haqda vazirlik rasmiysi Igor Konashenkov ma'lum qildi.

Mudofaa vazirligi tomonidan Isroil HHK Il-20 samolyoti halokatga uchrashida jinoiy harakatlar amalga oshirishda ayblangan.

«Rossiyaning Il-20 samolyoti bilan sodir bo‘lgan fojia uchun mas'uliyat Isroil Harbiy-havo kuchlari zimmasida. Ular shunday harakatlanish bo‘yicha qaror qabul qilishgan», degan Konashenkov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, F-16 samolyotlari orqali Suriyadagi obektlarga hujum qilgan isroillik uchuvchilar Suriyaning zenit raketalaridan qochish uchun Rossiya samolyoti ortiga yashiringan.

Isroil HHK Rossiyani F-16 samolyotlari Suriya shimolida amaliyot o‘tkazgani haqida aytib, chalg‘itishga uringan. Konashenkovning tasdiqlashicha, aslida isroilliklar mamlakatning sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan, Il-20 samolyoti halokatga uchragan Lataqiya viloyatiga hujum qilgandi.

Uning aytishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi ixtiyorida Isroil HHK shtabi vakillari bilan muzokaralar audioyozuvi mavjud. Bu audioyozuvlar isroilliklarning aldaganini isbotlaydi.

«Muzokara rus tilida olib borilgan. Bizda audioyozuv mavjud.

Rossiyaning Il-20 samolyoti O‘rta Yer dengizida, Suriyaning g‘arbiy qirg‘oqlaridan 35 kilometr masofada qulagan. Bu vaqtda Isroilning F-16 samolyotlari aynan Lataqiyadagi obektlarga hujum qilgan. Isroil esa Rossiya Mudofaa vazirligiga o‘z samolyotlari Suriya shimolida harbiy amaliyot o‘tkazishini ma'lum qilgandi. Isroil bu haqda Il-20 qulashidan bir daqiqa oldin ogohlantirgan. F-16 samolyoti joylashgan nuqta ko‘rsatilmagandi.

Isroil samolyotlari hujumdan keyin Suriyaning g‘arbiy qirg‘oqlaridan 70 km masofada navbatchilik pozitsiyasini egallashgan. Samolyotlar navbatdagi zarbalarga tayyorlanayotgandek manyovrlar qilishgan. Soat 21:59da 4 samolyotdan biri navbatdagi hujum berishga yo‘l olgan qiyofasida qirg‘oq tomon harakatlangan. Bu samolyot Il-20 samolyotiga yaqinlashganida quyiga sho‘ng‘igan. Samolyot manyovrlarini hujumga tayyorgarlik sifatida ko‘rgan suriyalik harbiylar Isroil aviatsiyasi tomon raketa uchirgan va bu raketa Il-20 samolyotiga tekkan.

Avval ma'lum qilinganidek, isroillik uchuvchilar Rossiya samolyoti ortiga yashirinib, samolyotni Suriyaning S-200 raketa majmuasi hujumiga duchor qilishgan. Natijada 15 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.

Il-20 soat 22:03da qulagan. Isroil samolyotlari esa hududda soat 22:40gacha navbatchilik qilishda davom etgan. Soat 22:29da Rossiya tomoni Isroil tomoniga Il-20 halokati haqida ma'lumot yetkazgan va isroilliklardan hududni tark etish so‘ralgandi.

Taqdim etilgan obektiv ma'lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, isroillik harbiy uchuvchilarning harakatlari 15 nafar rossiyalik harbiyning o‘limiga olib keldi. Ularning harakatlari nafaqat noprofessionalizm, balki jinoiy mas'uliyatsizlikdir», degan Rossiya Mudofaa vazirligi vakili brifing chog‘ida.

Rossiyaning Il-20 samolyoti 17 sentabr kuni Xmeymimdagi bazaga qaytish vaqtida qulab tushdi. Ichida 15 nafar rossiyalik harbiy bo‘lgan bu samolyot Suriyaning nishonda adashib yo‘llangan raketasi tufayli halokatga uchragandi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi bu samolyot isroillik uchuvchilar tomonidan zarba ostiga qo‘yilganini ma'lum qildi. Isroil o‘z aybini inkor etib, barcha aybni Suriya armiyasining havo hujumidan mudofaa tizimi zimmasiga yukladi.

18 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Il-20 halokatini baxtsiz hodisa deb atadi va o‘z navbatida bu hodisani 2015 yil noyabrida Rossiyaning Su-24 samolyoti Turkiya tomonidan urib tushirilishi bilan tenglashtirmaslikka chaqirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid