Jahon | 14:41 / 24.09.2018
18166
2 daqiqa o‘qiladi

Astraxanda YTH: O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi kasalxonaga yotqizildi

23 sentabr kuni «Axtubinsk - Nijniy Baskunchak» avtomobil yo‘lining 16-kilometrida Nissan Almera mashinasi boshqaruvida bo‘lgan ayol boshqaruvni eplay olmagan, natijada avtomobil ag‘darilib ketgan. Bu haqda Rossiyaning Ichki ishlar vazirligining Astraxan oblasti bo‘yicha boshqarmasi xabar bermoqda.

Boshqarma ma'lumotlariga ko‘ra, u O‘zbekistondan bo‘lgan 4 nafar ishchini olib ketayotgan edi.

«Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 1978 yilda tug‘ilgan yo‘lovchi olgan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etdi. Haydovchi, shuningdek, 24 yoshli qiz, 40 yoshli ayol va 50 yoshli erkak bosh miya yopiq jarohati, qovurg‘alar, o‘mrov, tos suyagi sinishi kabi jarohatlarni olishdi. Ular shifoxonaga olib borildi va jonlantirish hamda travmatologiya bo‘limiga joylashtirildi», - deyiladi boshqarma xabarida.

Ayni vaqtda Rossiya IIVning Astraxan oblasti Axtubinsk tumani bo‘yicha YHXB xodimlari ro‘y bergan YTHning barcha tafsilotlarini aniqlashmoqda.

Politsiya inson o‘limiga olib kelgan va odamlar sog‘lig‘iga zarar yetkazgan, Yo‘l harakati qoidalarining buzilish holati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazyapti.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi hozircha hodisa haqida hech qanday ma'lumot bermadi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Lipetsk oblastida yuz bergan YTH oqibatida O‘zbekistonning 5 fuqarosi halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid