Jahon | 21:40 / 24.09.2018
36808
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil bosh vaziri Putindan Suriyaga S-300 yetkazib berilishiga izoh so‘radi

Foto: EPA/TASS

Isroil tomoni tashabbusi bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda isroilliklar bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Isroil bosh vaziri yana bir marta 17 sentabr kuni Suriyada Rossiyaning Il-20 samolyoti halokatga uchrashi munosabati bilan hamdardlik bildirdi», deyiladi xabarda.

«Rossiya tomoni aynan Isroil Harbiy havo kuchlarining harakatlarini fojianing asl sababi deb hisoblaydi», deya qayd etiladi xabarda.

Kreml matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, «Vladimir Putin Rossiya Suriya havodan mudofaa tizimi murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri reaksiya berishi uchun uning imkoniyatlarini kengaytirishga qaror qilganiga urg‘u qaratgan». Xabarda qayd etilishicha, S-300 rossiyalik harbiylarning hayotiga ehtimoliy xavflarga qarshi qaratiladi.

Isroil hukumatidagi manba xabariga ko‘ra, Netanyahu Il-20 halokatida Suriya armiyasi va Eronni ayblagan.

Qayd etilishicha, Netanyahu «Eron agressiyasi» Suriyadagi barqarorlikka putur yetkazayotganini ta'kidlagan.

24 sentabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiya ikki hafta ichida Suriyaga S-300 raketa majmualari yetkazib berishi haqida ma'lum qildi.

2010 yili Rossiya va Suriya S-300 tizimi bo‘yicha shartnoma tuzgandi. 2013 yilda Isroil tomoni iltimosi bilan Suriyaga S-300 majmuasini yetkazib berish to‘xtatilgan edi. 

«Bugun esa vaziyat o‘zgardi. Bunga biz aybdor emasmiz. Ushbu choralar «qizigan boshlar»ni sovitishi va harbiy xizmatchilarimiz uchun xavf tug‘diruvchi bemulohaza xatti-harakatlardan tiyishiga ishonch bildiramiz. Yo‘qsa vaziyatdan kelib chiqib chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz», dedi rossiyalik vazir.

Ushbu majmua 250 kilometrdan ortiq masofada havo hujumi vositalarini to‘xtatib qolishga va bir vaqtda bir nechta nishonlarni urishga qodir. Shuningdek, Suriya harbiylari bu tizim orqali rossiyalik harbiylarning samolyotlarini oson aniqlay olishi mumkin. 

Qayd etish kerakki, bu qaror 17 sentabr kuni Rossiyaning Il-20 rusumli razvedkachi samolyoti Suriya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilishiga javoban qabul qilindi.

Rossiya tomoni Il-20 halokatida Isroilni aybladi. Isroilning F-16 samolyotlari xuddi shu vaqtda Lataqiyani bombardimon qilgandi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Suriya javob zarbasi yo‘llaganida isroillik harbiy uchuvchilar Rossiya samolyoti ortiga bekinib, bu samolyotni zarba yo‘liga qo‘yishgandi. Halokat oqibatida rossiyalik 15 nafar harbiy nobud bo‘ldi.

Isroil armiyasi esa bu fojiada «Hizbulloh»ni ayblamoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid