Jahon | 22:10 / 26.09.2018
47848
4 daqiqa o‘qiladi

«Boshirov aslida Boshirov emas». Jurnalistlar Solsberi ishida gumonlanuvchi GRU polkovnigi ekanini aniqlashdi

Rossiyadagi The Insider nashri va Bellingcat tadqiqot guruhi Solsberida Sergey Skripal hamda uning qizi Yuliya Skripalni zaharlashda gumonlanuvchi bo‘lgan «Ruslan Boshirov» aslida Anatoliy Chepiga ekanini aniqladi. Bu haqda nashrlar tadqiqotlarining uchinchi qismida keltirilgan.

The Insider nashri qayd etishicha, surati «Rossiyskiy pasport» tizimida topilgan, 1979 yilning 5 aprelida tug‘ilgan Anatoliy Chepiga — Ruslan Boshirov sifatida ko‘rsatilgan shaxsdir.

Foto: The Insider

Tadqiqotlarda aniqlanishicha, Chepiga Amur oblastida tug‘ilgan. U Uzoq sharq oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlab, GRU (bosh razvedka boshqarmasi)ning 14-maxsus topshiriqli brigadasiga xizmatga kirgan. Chepiga 3 marta Chechenistonda bo‘lgan va polkovnik darajasiga erishgan. Uning bo‘limi ikkinchi chechen urushida muhim vazifalarni bajargan.

Foto: The Insider

U 2014 yilning dekabrida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin tomonidan tinchlikparvar missiyalardagi ishtiroki uchun «Geroy Rossii» unvoni bilan taqdirlangan. The Insider talqiniga ko‘ra, tinchlikparvar missiya deb Ukrainadagi harbiy harakatlar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

Boshirovning shaxsini aniqlashda GRU uchun xodimlar yetkazib beriladigan eng yaxshi o‘quv yurti sifatida ta'riflanadigan DVOKU (U Uzoq sharq oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurti)ning 2001-2003 yillardagi bitiruvchilari ma'lumotlari sinchiklab o‘rganilgan.

Foto: The Insider

Bundan avvalroq The Insider va Bellingcat tekshiruvlarning ikkinchi qismini e'lon qilishgan, unda Petrov va Boshirovning pasport raqamlari GRU xodimlariniki bilan o‘xshashligi keltirilgandi. Tadqiqotlarning birinchi qismida esa Boshirov va Petrov Rossiya maxsus xizmatlari vakillari ekaniga dalillar keltirilgandi. 

Boshirov va Petrov Rossiya maxsus xizmatlariga aloqadorliklarini tan olishmagan. Russia Today uchun berilgan intervyuda ular mart oyi boshida chindan ham Solsberiga borishganini, lekin bundan maqsad diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilish ekanini ma'lum qilishgandi. Shu bilan birga ular Skripallar uyi oldidan o‘tgan bo‘lishlari mumkinligini istisno etishmagandi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi esa bu intervyuni «yolg‘onlar va xato javoblardan iborat intervyu» deb atagandi.

GRUning sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliya 4 mart kuni Solsberidagi restoran yaqinida behush holda topilgandi. Buyuk Britaniya hukumati bu shaxslar asab-tizimini falajlovchi, SSSRda ishlab chiqarilgan «Novichok» moddasi bilan zaharlanganini ma'lum qilib, bu hujumda Rossiyani ayblagandi. Rossiya barcha ayblovlarni rad etib, dalillar yo‘qligini iddao qilgandi. Solsberidagi voqea katta diplomatik mojaroni keltirib chiqardi: G‘arb mamlakatlari 150 nafardan ortiq rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi, Rossiya ham xuddi shunday javob choralari qo‘lladi.

 

Mavzuga oid