Jamiyat | 16:05 / 26.09.2018
68794
6 daqiqa o‘qiladi

Shikoyatchi ustidan shikoyat. Murojaatlarda boqimandalik balosi

Xalq bilan muloqot bugun davlat idoralari ijro hokimiyatining eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Maqsad bitta, u ham bo‘lsa - xalq dardini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish va muammolarini o‘z vaqtida hal etishdir. Bu esa xalq manfaati barcha narsadan ustun deganidir.

Shu bois yurtimizda so‘nggi yillarda bu borada katta o‘zgarishlar yuz bergani bor gap. Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Vazirlik va idoralar, mansabdor shaxslarga elektron murojaat qilish imkoniyatlari yaratildi. «Ishonch telefonlari» samaradorligi oshirildi. Internetning imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda mansabdor shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘ydi.

Ayni vaqtda shikoyat va arizalarni ko‘rib chiqish, muammolarni hal etishda jamoatchilik imkoniyatlaridan ham keng foydalanilmoqda va bu o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Bu xalq manfaati uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardir. Ammo asossiz shikoyatlaru murojaatlar ham uchrayotgani va ko‘payayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, murojaat va shikoyat qilishga har bir fuqaroning qonuniy haqi bor. Hech kim buni cheklay olmaydi. Lekin ba'zi me'yorlarni unutmaslik kerak.

«Yozaveraman, yozaveraman...»

Yaqinda kasbimiz taqozosi bilan shikoyat xatini o‘rganish yuzasidan bir mahallaga bordik. Mahalla fuqarolar yig‘ini jamoatchilik kengashi a'zolari, faollari mahallada turli kelishmovchiliklar yuzaga kelayotgani, muhit buzilishiga bir shikoyatchi sabab bo‘layotganini bildirishgan.

O‘rganishimiz chog‘ida ma'lum bo‘lishicha, fuqarolardan biri oilasi uchun moddiy yordam so‘rab mahalla fuqarolar yig‘iniga ariza bilan murojaat qiladi. Belgilangan me'yor va mezonlarga to‘g‘ri kelmagani uchun mahalla qoshidagi komissiya yig‘ilishida ariza rad etiladi. Hammasi shundan boshlanadi.

Maqsadi hosil bo‘lmagan fuqaro bu borada boshqa tashkilotlarga shikoyat qiladi. Mutasaddilar tomonidan vaziyat bir necha bor o‘rganiladi va to‘g‘ri rad etilgani haqida xulosa qilinadi. Fuqaro esa ariza yozishda davom etadi. Turli tashkilotlar, Xalq qabulxonasiga bu masalada shikoyat xati beradi va komissiya a'zolarini nohaqlikda ayblaydi. Takroriy o‘rganishlaru shikoyatlardan charchagan mahalla faollari oxir-oqibat fuqaroga moddiy yordam berishga majbur bo‘ladi.

Aslida-chi? O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, moddiy yordam olayotgan oilada er ham, xotin ham oliy ma'lumotli. Yaxshi kasblarning mutaxassislari. Er davlat tashkilotida ishlaydi. Kattagina tomorqasi bor. Bir nafar yosh farzandi borligi tufayli turmush o‘rtog‘i vaqtincha ishlamaydi. Hammasini belgilangan me'yorlarga qo‘yib, arizani rad etgan komissiya a'zolari esa baloga qoladi. «Kelinglar, shu tinchisin» qabilida «amallab» moddiy yordam ko‘rsatishadi. Andisha qilishadi.

Noshukrlikmi yoki boqimandalik?

Bu jihatlardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bir fuqarodan kelgan murojaatni jamoatchilik asosida o‘rgandik. Murojaatda yozilishicha, oila moddiy jihatdan juda qiynalgan, uylari ta'mirtalab, amaliy yordam so‘ragan.

- Erim hech qayerda ishlamaydi, chunki o‘qimagan, - deydi uy bekasi. - Men uyda bolalarga qarayman. Moddiy tomondan juda qiynalib qolganmiz. Uylarimizni ta'mirlashimiz kerak.

Xonadondagi tomorqaga razm solamiz. Begona o‘t ko‘pligidan nima ekilganini ham bilish qiyin. Qarovsiz holatda.

Uning turmush o‘rtog‘ini chaqirtirdik. Chamasi 35 yoshlardagi tog‘ni ursa talqon qiladigan yigit keldi. U tomorqa imkoniyatlaridan unumli foydalanish orqali daromad olish mumkinligi haqida xayoliga ham keltirmasligi ko‘rinib turardi. Tebranmagan odamni tepsang ham tebranmaydi, deganlari shu bo‘lsa kerak.

- Yordam bermasalaring nega keldinglar? Biz moddiy yordam so‘rab murojaat qilgandik!

Shikoyat qilish «muammo yechiladi» degani emas

Shunday o‘ylaydiganlar ham yo‘q emas. Murojaatlar o‘rganilganda, turli nizolarga duch kelamiz. Ayrimlari faqat sud orqali hal etiladigan masalalar. Ba'zi shikoyatlarda keltirilgan vajlar, umuman qonun doirasidan tashqarida, belgilangan talablarga zid va asossiz bo‘ladi (tuhmatlari ham yo‘q emas).

Ayrim murojaatlarning mazmuni bilan tanishar ekanmiz (ayniqsa, kimningdir ustidan yozilgan bo‘lsa), bo‘htonlardan tashqari, haddan tashqari bo‘rttirish, haqoratlarni uchratamiz. Odob-axloq doirasiga to‘g‘ri kelmaydigan turli so‘zlar, po‘pisayu dag‘dag‘alar ham qo‘shib yoziladi. Shikoyat qilishga qonuniy haqi bordir, ammo birovga tuhmat qilishga, haqoratlashga, nafsoniyatiga tegishga, dag‘dag‘a qilishga hech kimning haqi yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 38-moddasida murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, shuningdek, tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 139-moddasiga ko‘ra, tuhmat qilish, ya'ni bilaturib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Agarda shunday mazmundagi shikoyatlarga yuqoridagi qonuniy talablar asosida huquqiy baho berilsa, javobgarlikka tortiladigan murojaatchilar ham topiladi. Faqat andisha qilishadi!

Ammo unutmang, andishaning oti qo‘rqoq emas...

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li

Mavzuga oid