Toshkent shahrida doimiy propiska qilish tartibi takomillashtirildi. Nimalar o‘zgardi?
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilgan o‘zgartirishlar Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb yozmoqda “Huquqiy axborot” kanali.
O‘zgartirishlarga asosan, endilikda doimiy propiskaga qo‘yish uchun turar joy, vasiylik yoki homiylikni tasdiqlaydigan hujjatlar, nikoh tuzilganlik, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar nusxalarini notarial tasdiqlatish shart emas.
Ro‘yxatning 5-bandi bo‘yicha (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiskaga kirishda er-xotinning kamida bir yil birgalikda yashayotganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etish talabi ham bekor qilindi.
Bundan tashqari, o‘zgartirish bilan Ro‘yxatning 5-bandi bo‘yicha (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiska qilingan shaxs bir yil ichida nikohi bekor qilinsa olingan doimiy propiskani yo‘qotishi belgilandi.
Shuningdek, tashkilot rahbari iltimosnomasi asosida doimiy propiskaga ega bo‘lgan shaxs, xuddi shunday iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan boshqa tashkilotga ishga o‘tgan taqdirda, uning propiskasi bekor qilinmaydi.
Buning uchun fuqaro bir oy muddat ichida ish joyidan berilgan ma'lumotni ichki ishlar organlariga (pasport stolga) taqdim etishi lozim.
Propiskaga kirgan shaxslarning oila a'zolarini propiskaga kiritish tartibi ham aniqlashtirildi.
Xususan, Ro‘yxatning 5-bandi asosida (propiskadagi shaxsga uylangan yoki turmushga chiqqan) propiska qilinadigan fuqarolarning oldingi nikohidan yoki nikohsiz tug‘ilgan farzandlari (o‘z oilasiga ega bo‘lmagan) doimiy propiska qilinadi.
Xuddi shunday, Ro‘yxatning 9 – 12-bandlari (respublika ahamiyatidagi tashkilotlarga ishga kirgan, saylangan shaxslar) propiska qilingan fuqarolarning ular bilan bir vaqtda doimiy propiskani rasmiylashtirmagan oila a'zolarini (eri, xotini, shuningdek o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari) doimiy propiska qilish, turar joy maydoni mulkdorining roziligi bilan tegishli ravishda amalga oshiriladi.
O‘zgartirishlarga muvofiq Ro‘yxatning 2-bandi asosida (qarindoshlik asosida) propiska qilingan fuqarolarning qarindoshlari (xotini yoki eri, o‘z oilasiga ega bo‘lmagan voyaga yetgan bolalar hamda er-xotinning voyaga yetmagan bolalari bundan mustasno) Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilinmasligi belgilandi.
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024