Sport | 11:32 / 26.09.2018
13858
4 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Sirdaryoda 5 nafar rahbarni ishdan oldi

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev aholining barcha qatlamlari o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish, mavjud sport inshootlarining moddiy-texnik ahvolini o‘rganish maqsadida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

O‘rganish davomida Guliston tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida davlat mablag‘lari evaziga xarid qilingan ko‘plab sport jihozlari va inventarlari foydalanmasdan omborxonada saqlanayotgani, 2008 yilda qurilib foydalanishga topshirilgan Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati bazasida usti yopiq basseyn 2 yildan buyon faoliyat ko‘rsatmayotgani, Yangiyer tumani bolalar va o‘smirlar sporti maktabidagi usti yopiq basseynning isitish tizimidagi nosozlik sababli yil bo‘yi foydalanish imkoniyati yo‘qligi ma'lum bo‘ldi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Vazir Dilmurod Nabiyev yosh avlod salomatligi yo‘lida yirik miqdordagi davlat mablag‘lari hisobiga qurilgan ushbu inshootlar foydalanilmayotgani achinarli holat ekanini ta'kidlab, mutasaddilarga muammolarni qisqa fursatlarda bartaraf etish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, muassasa rahbarlariga zamonaviy marketing usullaridan unumli foydalangan holda davlat-xususiy sherikchiligi ko‘rinishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, olingan daromad hisobidan basseynlar ish faoliyatini samarali tashkil etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va fidoyi murabbiylarni taqdirlash lozimligi ta'kidlandi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 20 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qurilish ishlari orqada qolayotgan inshootlar bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.

Vazir mazkur inshootlar qatorida bo‘lgan Boyovut va Xovos tumanlaridagi bolalar-o‘smirlar sport maktablarining qurilishi yakunlanmay qolgan bazalarida bo‘lib, u yerda mahalliy hokimlik mutasaddilari va qurilish tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashdi. Muloqot yakunida mazkur masala ijobiy hal qilinib, zarur mablag‘lar qisqa muddatda o‘tkazilishi belgilandi. Quruvchilardan ham o‘z navbatida sport obektlarini qurishda, avvalo, sifatga e'tibor qaratish so‘raldi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Yakunda o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan va yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi yo‘lida davlat tomonidan yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanmasdan, o‘z holiga tashlab qo‘ygan 5 nafar rahbar xodimni egallab turgan lavozimidan ozod etdi.

Mavzuga oid