Sport | 23:25 / 30.09.2018
24763
2 daqiqa o‘qiladi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga Ispaniyadan yangi murabbiy tayinlanadi

Bu haqdagi xabarni O‘FA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Kun.uz muxbiriga tasdiqlagan.

Ma'lumki, futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi oldiga 2020 yili Tokioda o‘tadigan yozgi olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan.

Yaqindagina O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyligi vazifasiga «Bunyodkor» klubi bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov tayinlangani haqidagi xabarlar e'lon qilingan edi.

Foto: Xasan Pirmuhammedov

«Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi U23 yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati 2020 yilning yanvarida Tailandda o‘tkaziladi. Qit'a chempionatiga borish uchun saralash turniriga esa kelgusi yilning mart oyida Toshkent shahri mezbonlik qiladi.

Biz Mirjalol Qosimovni Toshkentda o‘tadigan turnirgacha futbolchilarni saralab, ular bilan mashg‘ulot o‘tkazish uchun jamoaga murabbiy qilib tayinlaganmiz.

Lekin avval boshdan bu lavozimga ham chet eldan tajribali murabbiylardan birini tayinlash uchun muzokaralar olib borayotgan edik.

Ayni paytda 3-4 nafar nomzoddan birini tanlash borasida yagona to‘xtamga kelishimiz kerak. Muzokaralar biz kutganimizdan-da tezroq hal bo‘lmoqda.  Bir oylarda Ispaniyadan olimpiya terma jamoasiga yangi bosh murabbiy taklif qilinadi.

Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Ektor Kuper ham vaziyatdan xabari bor. U ham Ispaniya futbol bozorini yaqindan biladigan mutaxassis sifatida shu joyga murojaat qilishimizni ma'qullagan», — degan U.Ahmadjonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo qit'asida U23 yoshlar chempionatining amaldagi chempioni O‘zbekiston terma jamoasi hisoblanadi. Ular 2018 yil yanvarda Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati finalida Vetnam terma jamoasi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgan edi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid