O‘zbekiston | 07:41 / 02.10.2018
64198
9 daqiqa o‘qiladi

Ekspert elektr energiyasi, gaz va benzin narxlarining rejalashtirilayotgan oshirilishi haqida

O‘zbekistonda elektr energiyasi, tabiiy gaz va avtomobil yoqilg‘isi tariflarining oshirilishi rejalashtirilmoqda. Energiya resurslarini yetkazib beruvchilar mavjud tariflar ustidan xarajatlarning oshib ketishi zaruriyati bilan tushuntirishmoqda. Aftidan, chindan ham tariflar pasaytirib qo‘yilgandek. Lekin ular qanday bo‘lishi kerakligini hech kim bilmaydi. Repost.uz taniqli iqtisod bo‘yicha ekspert Yuliy Yusupovning bu boradagi fikrlarini keltirdi.

Gap shundaki, uchala sektor ham monopollashtirilgan, u yerda erkin raqobat yo‘q, narxlarni davlat belgilaydi. Bunday vaziyatda yetkazib beruvchi korxonalar doimo o‘z xarajatlarini oshirishga harakat qilishadi. Birinchidan, narxlarning oshirilishini asoslash uchun. Ikkinchidan, kompaniyalar o‘z sarflari orqali korruptsion daromadlarni chiqarib olishadi, masalan, baland narxlarda resurslar xarid qilishadi va bunday xaridlar uchun «otkat» olishadi. Nihoyat, yuqori xarajatlar — samarasiz menejmentning pirovard natijasidir, buning paydo bo‘lishiga sabab: a) raqobat, b) xususiy mulkdorning yo‘qligidir.

Mazkur sektorlar iqtisodiyotimizning davlat tomonidan nazorat qilinadigan ko‘plab boshqa sohalari singari radikal islohotlarga muhtoj va u quyidagilarni qamrab olishi kerak:

1. Davlat tomonidan tartibga solish usullarining radikal o‘zgartirilishi, bu holatda siyosat ishlab chiqish funksiyasi (bu bilan vazirliklar shug‘ullanishi kerak), standartlar o‘rnatilishi (davlat agentliklari funksiyasi), nazorat va tekshiruv (davlat inspeksiyalari funksiyasi), soha korxonalarining manfaatlarini himoya qilish (ko‘ngilli assotsiatsiyalar), xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish (tijorat korxonalari) ham isloh qilinishi kerak.

Ayni paytda davlat tomonidan nazorat qilinuvchi sohalarda bu funksiyalarning barchasi bitta tuzilmada — sovet davridagi soha vazirligining merosxo‘ri (yoki ma'lum shaxslarning o‘zi tomonidan nazorat qilinuvchi bir necha tuzilmalar)da jamlangan. Bu manfaatlar to‘qnashuvi va boshqaruvning samarasizligini keltirib chiqaradi.

2. Sohani monopoliyadan xalos etish va raqobat muhitini yaratish. Sohalarning aksariyatida monopolizm sun'iy xarakterga ega va u yerlarda sog‘lom raqobat uchun yetarli sharoitlar hozirlash mumkin.

Avtosanoat va avtomobil yoqilg‘isi bilan savdo qilish kabi sohalarda bozorga yangi o‘yinchilarni qo‘yib yuborish kifoya va raqobat kompaniyalarni o‘zlarining shishirilgan xarajatlarini qisqartirishiga, sifatni yaxshilashga va mahsulot assortimentini ko‘paytirishga majburlay boshlaydi. Masalan, avtomobil ishlab chiqarishda bojxona to‘lovlarini «taqiqlovchi» darajadan «oqilona» darajaga tushirilsa bas.

Boshqa sohalarda raqobat yaratish uchun murakkabroq «o‘yin qoidalari»ni joriy etishga to‘g‘ri keladi. Masalan elektroenergetikada quyidagi funksiyalarni ajratish kerak:

a) ishlab chiqarish;

b) tarmoq orqali tarqatish

v) elektr energiyasini chakana sotish.

Agar elektr energiyasini tarmoq orqali tarqatish (davlat tomonidan nazorat qilinadigan) tabiiy monopoliya sifatida qolsa, ishlab chiqarish va chakana savdo raqobat bo‘lishi shart bo‘lgan sohalar hisoblanadi.

Yoki, aytaylik, gaz qazib chiqarishda bir necha mustaqil kompaniyalar o‘rtasida geologiya-qidiruv, quduq qazish va gaz qazib olish funksiyalarini ajratish muhim. Ular hanuzgacha bizda bir qo‘lda jamlangan. Balkim shuning uchun bizda yildan yilga gaz qazib olish hajmi kamayib, qazib olish xarajatlari oshib borayotgandir?

3. Soha kompaniyalari ustidan boshqaruv usullarini takomillashtirish, ularning faoliyatini tijoriylashtirish, korporativ boshqaruv prinsiplarini joriy etish. Hozircha kompaniyalarni boshqarish juda past darajada bo‘lib turibdi, bu esa ulkan xarajatlar va ular tomonidan taqdim etilayotgan tovar va xizmatlar sifatining pastligiga sabab bo‘lmoqda.

4. Davlat egalik qilishi davlat funksiyalarini bajarish bilan shartlanmagan korxonalarning xususiylashtirilishi. Bunday korxonalar biz ko‘rib chiqayotgan sohalarda juda ko‘p. Bu degani ularni bir kundayoq xususiylashtirish kerak, degani emas, biroq xususiylashtirishga allaqachonlar tayyorgarlik ko‘rilishi kerak edi.

Biroq, paradoks. Ikkinchi yildirki mamlakatimizda faol islohotlar ketmoqda. Lekin negadir davlat tomonidan nazorat etiluvchi sohalarda (tabiiy va sun'iy monopoliyalar sohalarida) hanuzgacha islohotlar nafaqat boshlanmagan, hattoki rejalashtirilmagan ham. Boz ustiga, tabiiy monopoliyalarga yaqin ham kela olmaydigan sohalarning rahbarlari (masalan, avtosanoat, elektrotexnika sanoati, aviatashuvlar) nafaqat o‘z sohalarining davlatdan xoli bo‘lishi va monopoliyadan xalos bo‘lishini istashadi, aksincha, mavjud holatning saqlanib qolishi, hattoki monopolizmning yanada kuchaytirilishini xohlashmoqda.

Biz bunday sohalarning rahbarlaridan olishimiz mumkin bo‘lgan maksimum narsa — vaqti-vaqti bilan narxlarning ko‘tarilishi haqidagi xabarlardir. Narxlar, balkim, qayerdadir oshirilishi kerak hamdir. Biroq mazkur sektorlarning ish samaradorligi yo‘q bo‘lgan sharoitlarda ularga bot-bot qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak berilishi teshik chelakka suv quyish bilan barobar. Bu pullar nafaqat soha muammolarini hal qila olmaydi, shunchaki mavjud holatning yanada cho‘zilishiga xizmat qiladi, aholi daromadlarida salbiy aks-sado beradi va inflyatsiyani kuchaytiradi.

Tariflarning oshirilishi bilan bog‘liq axborot bilan birga «O‘zbekenergo» kompaniyasining ahvoli ayanchli ekanligi haqida qiziqarli raqamlar ham e'lon qilindi. Kompaniya qarzlari 2 milliard dollardan oshgan. «O‘zbekenergo» tasarrufidagi issiqlik elektr stansiyalarining 84 foizi yarim asr muqaddam foydalanishga topshirilgan. Bunday elektr stansiyalarida yoqilg‘i sarfi zamonaviy uskunalardagidan ko‘ra ikki barobar ko‘proq — bu esa elektr energiyasi ishlab chiqarishda xarajatlarning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Bundan tashqari, elektr energiyasi umumiy hajmining 20 foizdan ortiqroq qismi taqsimlovchi tarmoqlarning eskirganligi tufayli yo‘qoladi. 62,4 foiz elektr stansiyalarining xizmat ko‘rsatish muddati 30 yil avval tugagan.

Endi bizga sektorni isloh qilish rejasi o‘rniga bu samarasiz «yuho»ning umrini cho‘zish uchun hamyon kavlashni taklif etishmoqda. «Bizga pul beringlar, hammasini to‘g‘irlaymiz!» — bu aholi va davlat gardanida o‘tirgan barcha monopolistlarning sevimli shioridir. Faqat ular hech narsani o‘zgartira olishmaydi, chunki prinsip jihatidan samarasizdirlar.

Biz, O‘zbekiston fuqarolari hukumat va soha rahbarlaridan manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etuvchi va samarali raqobat muhitini hosil qiluvchi tushunarli va aniq islohotlarni talab qilishimiz kerak, deb o‘ylayman. Faqat shundan so‘nggina narxlarning ehtimoliy oshirilishi haqida gap ochilsa yarashadi.

Rejalashtirish va islohotlarni amalga oshirish uchun vaqt yetarli edi. Toki bu hanuzgacha qilinmagan ekan, islohotlar o‘rniga bizga narxlarning oshirilishini taklif etishmoqdami, bu islohotlar strategiyasi yo‘qligi va nomunosiblikdan darak beradi. Hozir narxlarning oshirilishiga rozi bo‘lish — o‘zining achinarli holatidan chiqib ketish uchun hech qanday real rejasi bo‘lmagan ziyonkor kompaniyaga pul tikish demakdir. Hech bir aqlli investor bu ishga qo‘l urmagan bo‘lar edi. Biz ham unday qilmasligimiz kerak.

So‘zim yakunida.

So‘nggi bir yarim yil ichida mamlakatimizda o‘ta muhim makroiqtisodiy islohotlar o‘tkazildi: valyuta bozorining erkinlashtirilishi, tashqi savdo va biznes yuritish yo‘lidagi ko‘plab ma'muriy to‘siqlarning bartaraf etilishi, bank sohasining erkinlashtirilishi. Radikal soliq va bojxona islohotlari belgilangan. Biroq soha darajasida, ayniqsa tabiiy va sun'iy monopoliyalar sohalarida islohotlarning butunlay yo‘qligi jamiyatimizdagi o‘zgarishlar strategiyasini to‘liq tahdid ostida qoldiradi.

Toki ma'muriy islohot, davlat sektori islohotini o‘tkazmas ekanmiz, so‘nggi yigirma besh yil ichida qo‘ziqorindek ko‘paytirib tashlaganimiz sun'iy monopoliyalarni buzmas ekanmiz, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirmas ekanmiz, muvaffaqiyatli rivojlanish uchun zarracha imkonimiz bo‘lmaydi. Investorlarning yurtimizga hanuzgacha qadam bosmayotganiga bosh sabab ham shu — bu yo‘nalishda biror bir siljishni ko‘ra olishmayapti. Va eng asosiysi — soha islohotlarisiz eski iqtisodiy modelning yana qayta tiklanish uchun yuqori risk saqlanib qolaveradi.

Shu sababli yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan islohotlar — nazarimda, «hayot-mamot» masalasi. Va bu masala bugun O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanish istiqbollarida markaziy o‘rin tutadi.

Mavzuga oid