Yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalari bo‘yicha mobil ilova ishga tushirildi
Energetika vazirligining xabar qilishicha, “Avto24” ilovasi barcha yoqilg‘i quyish, gaz to‘ldirish va quvvatlash stansiyalarini bitta xaritada tezda topish, real vaqt rejimida ulardagi mavjud yoqilg‘ining narxi va zaxirasi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish imkonini beradi. Tabiiy gaz iste’molchilari uchun “Hudud Gaz Ta'minot” ilovasi ham ishga tushirildi.
O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish, gaz to‘ldirish va elektr quvvatlash shoxobchalari haqida ma’lumot beruvchi “Avto24” ilovasi test sinovida ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.
“Sir emas, har yili kuz-qish mavsumida avtomobil haydovchilar boshqalarga nisbatan ko‘proq aziyat chekishadi. Ularning asosiy muammosi kunning sovuq paytlarida qayerda yoqilg‘i quyish yoki avtomobilini siqilgan hamda suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish mumkinligini aniqlashtirishning imkonsizligida edi.
Va nihoyat endilikda bunday muammolarga barham beriladigan bo‘ldi”, – deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, “Avto24” ilovasi – har bir hududdagi eng yaqin yoqilg‘i quyish, avtomobilni siqilgan yoki suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish va elektromobillar uchun quvvatlantirish shoxobchalarini topish, narxlarni taqqoslash, borar manzili va vaqtini aniq rejalashtirish imkonini beradi.
Ilovani Android va iOS ilovalari uchun bepul yuklab olish mumkin.
“Avto24” ilovasi avtomobil egalariga hududlardagi barcha yoqilg‘i hamda quvvatlash shoxobchalarini bitta xaritada tezda topish, real vaqt rejimida hozirgi vaqtda mavjud yoqilg‘ining narxi, zaxirasi va qulayliklari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish, elektromobil egalari uchun maxsus quvvatlash punktlarining lokatsiyalarini aniqlash singari imkoniyatlarni taqdim etadi.
Shuningdek, iste’molchilar ilova orqali o‘zlariga ma’qul manzilning reytingini ko‘tarish, yoqilg‘i sifati hamda narxi haqida sharh qoldirishlari ham mumkin bo‘ladi.
Mobil ilova dasturi avtomatlashtirilgan holda yangilab boriladi”, – deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ilova Energetika vazirligi va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan ishlab chiqilgan.
Ayni paytda, “Hududgazta’minot” gaz sarfi va xarajatlarini onlayn rejimda kuzatish imkonini beruvchi “Hudud Gaz Ta'minot” ilovasini ham (Android, iOS) test sinovida ishga tushirdi.
“Mazkur ilova orqali iste’molchilar bevosita kunlik va oylik kesimida tabiiy gaz iste’molini kuzatib borish, xususan, gaz hisob raqamlariga to‘lov qilish hamda suyultirilgan gaz iste’molchilari o‘z hisoblarini to‘ldirish va biriktirilgan ballonlar ro‘yxatini ko‘rib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ilovani yuklab olgandan keyin unga tegishli shaxsiy hisob raqami hamda OneID xizmati orqali ulanish mumkin”, – deyiladi kompaniya xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yoz faslida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yangi “HET Billing Mobile” mobil ilovasi ishga tushirilgandi.
Mavzuga oid
10:56
O‘zbekistonda uch yilda 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi
16:56 / 16.11.2024
«Ham mas’uliyat, ham javobgarlik belgilandi» - energetika vaziri
18:36 / 15.11.2024
Bu yil qishda iste’molchilarga 21 milliard kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgan
15:10 / 13.11.2024