O‘zbekiston | 07:53 / 02.10.2018
4448
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” va Exxon Mobil qo‘shma loyiha bo‘yicha ishlarni jadallashtiradi

Joriy yilning 25 sentabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJ bosh ofisida kompaniya rahbariyati Exxon Mobil kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz’ga “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Birgalikdagi faoliyat mobaynida Exxon Mobil o‘zini “O‘zbekneftgaz” AJning ishonchli hamkori sifatida namoyon etdi. Shu munosabat bilan  uchrashuvda Exxon Mobil kompaniyasi vakillariga “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ bazasida II va III guruh bazaviy moylarni ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasida texnologik asbob-uskunalar lisenziari sifatida ishtirok etayotgani uchun minnatdorchilik  bildirildi. 

Foto: O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

Exxon Mobil – jahonga mashhur ko‘p funksiyali kompaniya bo‘lib, u neftni qayta ishlash, gazni qayta ishlash, neft-kimyo mahsulotlari va yirik ishlab chiqarish sanoati uchun texnologiyalarni ishlab chiqish va yetkazib berishga ixtisoslashgan. 

Exxon Mobil va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga o‘tishiga O‘zbekiston prezidentining AQShga qilgan rasmiy tashrifi turtki bo‘lgan. Uning davomida hamkorlik bitimi imzolangan. 

Bazaviy moylarni ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi O‘zbekiston Respublikasi va AQSh o‘rtasida davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ga  muvofiq amalga oshiriladi. 

Mazkur loyihaning taxminiy qiymati 150 million AQSh dollarini tashkil etadi va uni amalga oshirish muddati – 2018-2021 yillar. 

Exxon Mobil ekspertlarining ta'kidlashlaricha, bu kabi loyiha mintaqada yagonadir. “O‘zbekiston neft-gaz sohasi Exxon Mobil kompaniyasi ushbu istiqbolli loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun tajriba va texnologiyalarni bo‘lishishga tayyor ekanligiga ishonch hosil qilishi mumkin”, dedi Neftni qayta ishlash va gazni tozalash texnologiyalari, katalizatorlar va litsenziyalash bo‘yicha bosh menejyer, kompaniya vitse-prezidenti Shon Smit. 

Foto: O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

Xorijiy kompaniya mutaxassislari mamlakatimizning ishbilarmonlik muhitida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining loyihaoldi, loyiha va tender hujjatlarini, shuningdek, import shartnomalarini tasdiqlashning yangi tartibini nazarda tutuvchi qaror qabul qilishi to‘g‘risida keng ma'lumotlarga ega bo‘ldi. 

Muzokaralar davomida tomonlar loyihani jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar, xususan, litsenziya va muhandislik shartnomalarini imzolash, ishlab chiqarish jarayonining yangilangan konfiguratsiyasini hisobga olgan holda narxlarni optimallashtirish imkoniyatlari hamda qoldik fraksiyalardan qo‘shimcha bazaviy moylarni olish imkoniyatini muhokama etdilar. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid