Sport | 13:00 / 07.10.2018
76668
4 daqiqa o‘qiladi

Xabib diskvalifikatsiya qilinishi, uning kamari olib qo‘yilishi va unga jang uchun gonorar ham berilmasligi mumkin

AQShning Nevada shtatida, Las-Vegas shahrida UFC 229 turniri doirasida irlandiyalik Konor Makgregor va rossiyalik Xabib Nurmagomedov o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Dog‘istonlik jangchi jang davomida ustunlik qildi va 4-raundda raqibini bo‘g‘ish usuli orqali taslim qildi.

«T-Mobile Arena» arenasida kechgan jang yakunida ommaviy mushtlashuv kelib chiqdi, bu janjalni Xabib Nurmagomedov boshladi. U raqib mag‘lubiyatini tan olgach, uni haqoratladi, uning qafas tashqarisidagi tarafdorlari tomon og‘zidagi kapasini tupurdi va qafasdan chiqib, ularga tashlandi. Keyin oktagonga Nurmagomedov jamoasi vakillari (Nurmagomedovning menejyeri Rizvan Magomedov, chechenistonlik UFC jangchisi Zubayr Tuxugov hamda sambo bo‘yicha Rossiyaning sobiq chempioni Esedulla Emirgayev) chiqib kelishib, Makgregorni do‘pposlay boshlashdi.

Vaziyatga politsiya va qo‘riqchilar aralashib, janjalni to‘xtatdi. UFC prezidenti Deyn Uayt arenaga yig‘ilgan minglab irlandiyalik muxlislar qarshisida Xabibga kamarni bera olmasligini ma'lum qildi, lekin u jang g‘olibi sifatida e'lon qilindi.

Deyn Uaytning aytishicha, bu mojaro tufayli Xabib Nurmagomedov diskvalifikatsiya qilinishi, buning ortidan tituldan mahrum qilinishi, shuningdek, jang uchun gonorardan mahrum etilishi mumkin. Janjal yuzasidan Nevada shtati atletlar komissiyasi tekshiruv olib boradi.

Hozirda komissiya Nurmagomedovga jang uchun to‘lanishi ko‘zda tutilgan 2 million dollarlik gonorarni to‘xtatib qo‘ygan. Avvaliga komissiya Makgregor uchun ham to‘lovni (3 million dollar) to‘xtatmoqchi edi, ammo voqea tasvirlari o‘rganib chiqilgach, to‘lov amalga oshirilishiga rozilik berilgan.

Endilikda Makgregorning gonorari ma'qullangan, Nurmagomedovning gonorari tekshiruv tugaguncha muzlatib qo‘yilgan. Bundan tashqari, sportchilarga teletranslyatsiyalardan tushgan mablag‘dan ulush va'da qilingandi.

«Yuzaga kelgan janjal tufayli Xabibdan chempionlik kamari tortib olinmasligiga kafolat bera olmayman. Biz Nevada sport komissiyasi qaroriga bo‘ysunamiz. Menimcha, komissiya keskin qaror qabul qiladi.

Bugun hukumat a'zolari tomoshaga kelishgandi, mojaro boshlangach, ular zudlik bilan hududni tark etishdi. Bu juda xunuk holat. Endi Xabibda muammolar yuzaga keladi.

Men Konor jamoasi jangchilaridan biri Xabibni o‘ziga chorlaganini ko‘rdim. Xabib o‘zini tutib tura olmadi. Xabib jamoasidagi ikki yigit esa oktagonga chiqdi va Konorga ortdan hujum qilishdi. Men ko‘rganlar shu.

Nevada atlet komissiyasi voqea tafsilotlarini o‘rganadi. Konorni hech narsada ayblashmayapti. Xabib va uning jamoasi a'zolari esa shubha ostida. Xabib jamoasidagi uch yigitni qo‘lga olishdi, ammo Konor Makgregor politsiyaga bu shaxslar ustidan da'vosi yo‘qligini bildirgach, ularni qo‘yib yuborishdi. 

Revanshmi? Komissiya qarorini kutishimiz kerak: Xabibga yana viza beriladimi yoki uni deportatsiya qilishadimi? Men hozircha nima bo‘lishini bilmayman.

Agar Xabibni uzoq muddatga chetlatishsa, biz uni tituldan mahrum qilishga majbur bo‘lamiz. Xabib oktagondan haqiqiy g‘olib bo‘lib chiqishi ham mumkin edi. Unda bunday oqshom bo‘lmasligi kerak edi. U noto‘g‘ri harakatlar qildi», – degan Uayt jangdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Mavzuga oid