Sport | 10:20 / 07.10.2018
77943
3 daqiqa o‘qiladi

Nurmagomedov Makgregorni taslim qildi. Jangdan keyin mojaro yuzaga keldi

Las-Vegasda UFC’ning ikki vazn toifasidagi sobiq chempioni irlandiyalik Konor Makgregor va tashkilotning yengil vazn toifasidagi chempioni rossiyalik Xabib Nurmagomedov o‘rtasida UFC 229 musobaqasi doirasida kechgan jangda rossiyalik sportchi g‘alaba qozondi.

Foto: TASS/AP

Dastlab qafas ichiga «The Foggy Dew» qo‘shig‘i sadolari ostida irlandiyalik sportchi kirib keldi, Nurmagomedov esa «Moy Dagestan» qo‘shig‘i bilan chiqdi. Tribunadagilarning aksariyati Makgregorni qo‘llab-quvvatlashayotgandi.

Birinchi raundda tomonlar bir-birini o‘rganishdi, muxlislar hushtakbozlik qila boshlashdi. Ikkinchi raundda Nurmagomedov ketma-ket zarbalar berib, Makgregorni yiqitib olib, uni qiynay boshladi. Irlandiyalik sportchidan qon oqa boshladi.

Uchinchi raundda ham Makgregor sust harakatlandi, Nurmagomedov faollikni davom ettirdi.

To‘rtinchi raundda ikki tomon o‘rtasida zarbalar almashinuvi kechdi, raund davomida Nurmagomedov Makgregorni bo‘g‘ib oldi va irdandiyalik sportchi taslim bo‘ldi.

Shu tariqa, Nurmagomedov yengil vazn toifasidagi chempionlik kamarini saqlab qoldi.

Bu Nurmagomedov uchun faoliyatida 27 jangdagi 27-g‘alaba bo‘ldi, Makgregor to‘rtinchi marta mag‘lub bo‘ldi, u 21 jangda g‘alabaga erishgan.

Jangdan keyin ehtiroslar oktagon tashqarisida ham davom etdi. Nurmagomedov avvaliga Makgregorning oldiga kelmoqchi bo‘ldi, uni yaqinlashtirishmagach, zalga chiqdi va Konorning jamoadoshlariga tashlandi. Xuddi shu vaqtda Nurmagomedovning jamoadoshlari oktagon ichiga kirib, Makgregor bilan mushtlasha ketdi. Vaziyatga politsiyachilar va qo‘riqchilar aralashishdi.

UFC rahbari Deyn Uayt Nurmagomedovga Makgregorga muxlislik qilgan omma oldida kamarni topshira olmasligini tushuntirdi va yangi janjal avj olmasligi uchun tashkilotchilar ikkala sportchini ham tribuna ostiga olib o‘tib ketishdi.

Ularning ishtirokisiz va kamarni tantanali topshirish marosimisiz Nurmagomedov g‘olib deb e'lon qilindi.

Nurmagomedovni endilikda jarima va sanksiyalar kutmoqda.

Mavzuga oid