Sport | 08:06 / 09.10.2018
59017
2 daqiqa o‘qiladi

Konor Makgregor Nurmagomedov bilan jangdan keyingi voqea uchun jazolanishi mumkin

Foto: AFP 2018/ Harry How

Irlandiyalik yakkakurash jangchisi Konor Makgregor rossiyalik jangchi Xabib Nurmagomedov bilan jangdan keyingi voqea uchun jazolanishi mumkin. Bu haqda jang o‘tgan AQSh shtati – Nevadaning atletika komissiyasi raisi Entoni Marnell ma'lum qilgan. 

Uning aytishicha, komissiya voqeaning videoyozuvi tahlili va barcha ishtirokchilarning so‘roq qilinishini o‘z ichiga oluvchi to‘laqonli tergov o‘tkazmoqda.

Komissiya ushbu voqea sababli Nurmagomedovga tegishli gonorar to‘lanishini muzlatib qo‘ygan. Makgregor esa o‘ziga atalgan gonorarni hech qanday muammosiz olgan, biroq jang o‘tkazilgan kun olib bo‘lmagan yozuv o‘rganilgach, komissiya irlandiyalikning xatti-harakatlarini ham o‘rganib chiqishga qaror qilgan.

“Biz Makgregor va Nurmagomedovga qarshi hujjatlar topshiramiz. Faqatgina bir jangchining gonorari ushlab qolingani sababli biz tinglov jarayoniga tezkorlik bilan o‘tishimiz lozim”, deb aytgan Marnell.

7 oktabrda Nurmagomedov Makgregor bilan jangda raqibini 4-raundda bo‘g‘ish usuli bilan mag‘lub etgan va UFC chempionlik unvoni himoya qila olgan. Jang yakunlanishi bilan rossiyalik ringdan tashqarida Makgregor jamoasi a'zolaridan biri bilan mushtlashib ketgan. Bu orada ringda Makgregor va Nurmagomedov jamoasi a'zolari orasida mushtlashuv yuz bergan. 

Mavzuga oid