Sport | 20:20 / 11.10.2018
22792
4 daqiqa o‘qiladi

Paraosiyo o‘yinlarida beshinchi kun yakunlari. Suzishdagi gegemonlik

11 oktabr kuni o‘zbekistonlik sportchilar Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida Paraosiyo o‘yinlarida beshinchi kungi bahslarda ishtiroklarini o‘tkazishdi. Bugungi bahslarda o‘zbekistonlik sportchilar sportning 3 turi bo‘yicha o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazishdi va yana 21 medalni qo‘lga kiritishdi. 

Yengil atletika
Kunning dastlabki medali uzunlikka sakrash bahslarida qo‘lga kiritildi. Doniyor Soliyev eng yaxshi natijani qayd etdi va oltin medalni terma jamoa hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

Disk uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Safiya Burxanova 38,42 natija bilan kumush medal sohibiga aylandi.

Erkaklar o‘rtasida 400 metrga yugurish bahslarida esa Miran Saxatov kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasida 400 metrga yugurishda Sabina Suxanova marraga uchinchi bo‘lib yetib kelib, bronza medaliga ega chiqdi.

Kunning ikkinchi qismida kechki dasturda yadro uloqtirish bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan Muhammad Rihsimov bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Fahriddin Hamroyev 1500 metrga yugurish bahslarida marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va O‘zbekistonga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi.

Dzyudo
Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan jamoaviy bellashuvlarda o‘zbekistonlik sportchilar uchinchi o‘rin uchun bahsda mo‘g‘ulistonlik raqiblarni mag‘lub etishdi va bronza medallar bilan taqdirlanishdi.

Ayollar o‘rtasidagi jamoaviy bahslarda O‘zbekiston vakillari finalgacha yetib borishgandi. Ammo hal qiluvchi bahslarda o‘zbekistonliklar Janubiy Koreya terma jamoasiga imkoniyat boy berishdi va kumush medallar bilan kifoyalanishdi.

Suzish
O‘zbekistonlik suzuvchilar bugun delegatsiya hisobini 11ta medal bilan boyitishdi.

100 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha bahslarda barcha medallar o‘zbekistonliklarga ketdi. Erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda 6 nafar o‘zbekistonlik suzuvchi shohsupaga ko‘tarildi.

Erkaklar:
1-o‘rin: Islam Aslanov
2-o‘rin: Kirill Pankov
3-o‘rin: Dmitriy Xorlin

Ayollar:
1-o‘rin: Shohsanamxon Toshpo‘latova
2-o‘rin: Fotimaxon Omilova
3-o‘rin: Nigoraxon Mirzohidova.

100 metrga chalqancha suzish bahslarida o‘zbekistonlik sportchilar yaqqol ustunlik qilishdi va yana beshta medal qo‘lga kiritishdi

Erkaklar:
1-o‘rin: Kirill Pankov
2-o‘rin: Muzaffar Tursunxo‘jayev

Ayollar:
1-o‘rin: Shohsanamxon Toshpo‘latova
2-o‘rin: Nigoraxon Mirzohidova
3-o‘rin: Fotimaxon Omilova

Shu tariqa, beshinchi kungi bahslarda O‘zbekiston vakillari 6ta oltin, 7ta kumush va 6ta bronza olishdi va jami medallar sonini 67taga yetkazishdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi 31 oltin, 20 kumush va 16 bronza bilan umumiy reytingda beshinchi o‘rinda bormoqda. To‘rtinchi o‘rindagi Yaponiyada ham 31ta oltin jamg‘arilgan, kunchiqar yurt vakillari faqat kumushlar soni ko‘pligi evaziga (31-52-56) yuqoriroqda joylashgan.

Mavzuga oid