O‘zbekiston | 11:20 / 16.10.2018
117488
6 daqiqa o‘qiladi

Hokim o‘rinbosari avtohalokatga uchragan, qarindoshlari YPXni ayblamoqda. Bu fojia ortidan viloyat hokimi maxsus qaror chiqargan

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning joriy yil 22 sentabrda imzolangan qaroriga ko‘ra, endilikda viloyat, tuman, shahar hokimliklari mansabdor shaxslarining hokimlik balansida bo‘lgan davlat xizmat avtomashinalarini boshqarishi taqiqlanishi haqida xabar berilgan edi.

Internet tarmog‘ida Samarqand viloyati rahbarining ushbu qarori birmuncha munozaralarni keltirib chiqargan, turli taxminlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan edi.

Xabarda hokimliklar xizmat avtomashinalarini haydovchi o‘rniga mansabdor shaxslarning boshqarishi oqibatida turli xil yo‘l-transport hodisalari sodir etilgani, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik holatlari shunday qaror qabul qilinishiga sabab bo‘lgani qayd etilgandi.

Xabarda bundan buyon hokimlik xizmat avtotransport vositalarini faqat biriktirilgan haydovchilar boshqarishi ta'kidlangandi.

Samarqand viloyat hokimining bunday qarorga kelishiga qaysi voqea sabab bo‘lganligi ma'lum bo‘ldi.

«Kun.uz» surishtiruvi natijasida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (1982 yilda tug‘ilgan) Nodir Xushvaqtov 2018 yil 29 avgust kuni tungi soat 23:30 atrofida o‘ziga biriktirilgan, davlat raqami 30 425 SAA bo‘lgan «Chevrolet Nexia» rusumli avtomashinada avtohalokatga uchrab, shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Marhumning otasi, keksa pedagog Hamidulla Xushvaqtovning muxbirga ma'lum qilishicha, joriy yil boshida o‘g‘li Nodir Xushvaqtov spirtli ichimlik ichib mashina boshqargani uchun haydovchilik guvohnomasidan 1 yilga mahrum etilgan bo‘lgan. 2018 yilning 24 avgustida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan va unga xizmat mashinasi ajratilgan.

Otasining so‘zlab berishicha, o‘sha mash'um kunda tunda uni zudlik bilan ishxonasiga chaqirib qolishadi. U o‘zi istiqomat qiluvchi Alijon qishlog‘idan Kattaqo‘rg‘on shahriga tezroq yetib olish maqsadida teskari yo‘nalishda harakatlanadi va YPX avtomashinasiga duch kelib, o‘zi istiqomat qiladigan qishloq yo‘li bo‘ylab qochadi hamda qariyb 5 km yo‘l bosgach, mashinani boshqara olmasdan, avtohalokatga uchraydi. H.Xushvaqtovning aytishicha, YPX xodimlari o‘g‘lini quvmaganida o‘g‘li mashinani boshqarib, 5 km ichkari yo‘l bo‘ylab haydamagan bo‘lardi. Ota, o‘g‘lini YPX xodimlari ta'qib etayotganini ko‘rgan guvohlar borligini iddao qiladi.

Otasi Hamidulla Xushvaqtovning da'vo qilishicha, YPX xodimlari (Adham Zayniddinov va Farrux Yorqulov) o‘z 30 788 VSF avtomashinasida uni quvishgan. Nodir Xushvaqtov avtohalokatga uchraganini ko‘rgach, YPX xodimlari ratsiya orqali «tez yordam» ham chaqirmasdan, voqea joyini tark etishgan. Keyinroq ular yana o‘sha joyga kelishgan.

Hamidulla Xushvaqtov noqonuniy ta'qib etgan (bunga yetarli guvohlari borligi va barcha dalillar Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasiga taqdim etilganini ta'kidlamoqda)  YPX xodimlarini uch farzandi yetim qolgan o‘g‘lining o‘limida sababchi sifatida ayblamoqda va ular hamon o‘z ishida ishlab yurganidan norozi bo‘lib, YPX xodimlariga adolatli va qonuniy jazo tayinlanishini istab, tegishli idoralarga murojaat qilib kelmoqda.

«Kun.uz» mazkur masala bo‘yicha Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidagi mutasaddi xodimlar bilan suhbatda bo‘ldi.

Samarqand viloyat IIB YHXB mazkur masala yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilganini aytib o‘tishdi. Unga ko‘ra, YPX inspektorlari (Zayniddinov va Yorqulov) o‘sha kuni Alijon qishlog‘ida mazkur mudhish voqea yuz berishidan avvalroq shu joyda mast holda transport vositasini boshqargan boshqa haydovchini ekspertizadan o‘tkazib, transport vositasini jarima maydonchasiga qo‘yib, yo‘llarni kuzatuv ekipaji sifatida, xizmat avtomobilining yonib-o‘chuvchi chiroqlarni yoqqan holda M37 yo‘li bo‘ylab qaytishayotgan bo‘lgan.

Nodir Xushvaqtov o‘rtasi bordyur bilan ajratilgan yo‘lning qarama-qarshi tomonidan harakatlana turib, ularga ko‘zi tushgan va o‘z boshqaruvidagi avtomobilini qishloq ichiga haydagan.

Biroq o‘tkazilgan surishtiruvlar, guvohlar ko‘rsatmasi asosida YPX xodimlari Nodir Xushvaqtov boshqaruvidagi avtomashinani quvishmagani aniqlangan. Yo‘l-transport hodisasi yuz bergani haqidagi xabarni ham ularga M37 yo‘lida yetkazishgan va ular keyin voqea yuz bergan joyga yetib borishgan.

Aytib o‘tish kerakki, YPX xodimlari voqea joyiga borishganida «tez yordam» mashinasi ulardan avvalroq yetib kelgan bo‘lgan. Xushvaqtovning qarindoshlari YPX xodimlariga tashlanishgan, ularga tan jarohati yetkazishgan.

Voqea yuz bergan vaqtda Nodir Xushvaqtov alkogolli ichimlik ta'sirida bo‘lganmi-yo‘qmi, bunisiga YHXBda aniqlik kiritishning imkoni bo‘lmadi — ekspertiza xulosasi yo‘q.

«Kun.uz»ga ma'lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasiga ko‘ra jinoyat ishi ochilgan. Jumladan, mazkur ish doirasida transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga davlat xizmat avtomashinasini biriktirgan Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligining mas'ul rahbarlariga nisbatan ham tegishli jazo belgilanishi mumkin.

Samarqand viloyat IIB YHXB mutasaddilari ham viloyat hokimi farmoyishiga ko‘ra, hokimlik davlat avtomashinalari haydovchisiz boshqarilayotgan holat aniqlanganida ularga nisbatan choralarni kuchaytirish haqida ko‘rsatma olganini ta'kidlab o‘tishdi.

Mavzuga oid