O‘zbekiston | 01:16 / 17.10.2018
27426
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi AES qurilishi 11 milliard dollarga baholandi

Rossiya dizayni asosida O‘zbekistonda quriladigan atom elektr stansiyasi (AES) qiymati taxminan 11 milliard dollarni tashkil qiladi. Birinchi energoblok 2028 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. "Interfaks" RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi

"Baholarga ko‘ra, loyiha qiymati - 11 milliard dollar atrofida", - dedi Ushakov seshanba kuni jurnalistlarga. Uning aytishicha, birinchi energoblok taxminan 2028 yilga borib ishga tushiriladi. 

Shuningdek, u RF prezidenti Vladimir Putin 18-19 oktabr kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida AES loyihasiga doir ishlarga start berish marosimida ishtirok etishini ma'lum qildi. 

Ikki mamlakat hukumatlararo kelishuviga muvofiq, O‘zbekistonda umumiy quvvati 2,4 GVt bo‘lgan ikki energoblokdan iborat AES qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Loyiha RFning "Rosatom" korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, Ushakov Rossiya yetakchisi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazishini qayd etgan. 

U shuningdek 19 oktabrdagi sammitda "yangi savdo-iqtisodiy hamkorlik mexanizmini yaratishga doir qaror qabul qilinishi"ni ta'kidlagan. 

Maslahatchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston RFning yetakchi iqtisodiy hamkorlaridan biri. "Rossiyaning O‘zbekiston tashqi savdosi umumiy hajmidagi ulushi 18 foizdan oshadi - bu Xitoydan keyin ikkinchi o‘rin degani", - dedi Ushakov. 

Bundan tashqari, u joriy yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasini 5 milliard dollarga chiqarish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. 

Mavzuga oid