O‘zbekiston | 20:40 / 19.10.2018
44637
2 daqiqa o‘qiladi

Iste'folar haftasi. Jizzax viloyatida ham bir hokim ishdan ketdi

2018 yilning 18 oktabr kuni xalq deputatlari G‘allaorol tumani Kengashining navbatdan tashqari o‘ttiz yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rildi. Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sessiyada qatnashgan Jizzax viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari G‘anisher Mamatqulov tumanni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda tuman rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng Jizzax viloyati hokimining Abdurashid Yuldashevni G‘allaorol tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarori o‘qib eshittirilgan. Ushbu masala ovozga qo‘yilib, deputatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullangan.

Sessiyada Jalolitdin Jamolovich Oqboyev G‘allaorol tumani hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlangan.

Foto: Jalolitdin Jamolovich Oqboyev

Sessiya ishi yakunida tumanni 2018—2021 yillarda kompleks rivojlantirish dasturini izchil amalga oshirish bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda ishlar to‘g‘risida batafsil so‘z yuritilgan.

Qayd etish kerakki, bu joriy hafta ichida ishdan ketgan yettinchi hokim bo‘ldi.

14 oktabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov raisligida paxta yig‘im-terimi masalasida bo‘lib o‘tgan selektorda viloyatlar hokimlariga respublika bo‘ylab 10 hokimni ishdan bo‘shatish bo‘yicha taqdimnomalar kiritish haqida topshiriq bergandi. 

O‘sha selektordan so‘ng Farg‘ona viloyatida Farg‘ona shahri va Farg‘ona tumani hokimi, Xorazm viloyatida Urganch tumani hokimi, Andijon viloyatida Oltinko‘l tumani hokimi, Sirdaryo viloyatida Guliston tumani, Toshkent viloyatida esa Angren shahri hokimlari ishdan olindi.

Mavzuga oid