Jahon | 02:29 / 20.10.2018
3898
2 daqiqa o‘qiladi

XVJ Ukrainaga 3,9 milliard dollar ajratadi 

Foto: RIA Novosti / Natalya Seliverstova

Ukraina hukumati va Xalqaro valyuta jamg‘armasi rasmiy Kiyevga 14 oylik muddatga 3,9 mlrd dollar kredit ajratish haqida kelishib oldi.

“Yangi dastur 2,8 mlrd SDR (XVJning maxsus to‘lov birligi, 3,9 mlrd dollarga teng) taqdim qilishni ko‘zda tutadi, bu mablag‘ 2019 yilda Ukrainada iqtisodiy barqarorlikni ta'minlaydi”, deb aytilgan XVJ xabarida. 

XVJning yangi krediti haqidagi qaror Ukraina hukumati aholi uchun gaz narxini 23,5 foizga ko‘targandan keyin qabul qilingan.

Gazga yangi narxlar 1 noyabrdan amal qila boshlaydi. Endi ming kubmetr gaz ukrainaliklarga 8,5 ming grivenga (amaldagi kurs bo‘yicha 300 dollardan ko‘proq) tushadi.

Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysman bu qaror har bir ukrain oilasiga qanday qiyinchiliklar keltirishini tushunishini aytgan, biroq XVJ yangi kredit berish uchun gaz narxini 60 foizga ko‘tarishni talab qilganini ta'kidlab o‘tgan.

Gaz narxini oshirish XVJning Kiyev bilan hamkorlikni davom ettirishining shartlaridan biridir. XVJ ijtimoiy majburiyatlarni bekor qilish va bozor narxlariga o‘tishni talab qiladi.

XVJning Ukrainaga 4 yillik yordam dasturi ushbu mamlakatga 17,5 mlrd dollar ajratilishini ko‘zda tutgan. Yangi dastur uning o‘rnini egallaydi, kredit taqdim qilish shartlari uncha qat'iy bo‘lmaydi, biroq foizlar yuqoriroq bo‘ladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid