O‘zbekiston | 17:05 / 29.10.2018
22700
5 daqiqa o‘qiladi

Xiva: Yangi vokzal, zamonaviy mehmonxonalar, restoran va istirohat bog‘i

Xiva aholisi va u yerga tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida shaharda zamonaviy temir yo‘l vokzali, milliy uslubdagi mehmonxonalar, istirohat bog‘i va gipermarketlar barpo etilmoqda. KUN.UZ muxbiri O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlar uyushmasi taklifiga binoan "O‘zbekiston temir yo‘llari" tashabbusi bilan tashkillashtirilgan media-turda bo‘lib, shu haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Xiva shahrigacha umumiy uzunligi 33,78 (asosiy yo‘l - 29,6 km) bo‘lgan temir yo‘l qurildi. Shu kunga qadar bu yerda muhandislik tarmoqlarining temir yo‘l bilan 89 kesishmalari qayta barpo qilindi.

Ushbu loyiha doirasida 93 ta suv o‘tkazuvchi sun'iy inshoot, 5 ta ko‘prik va 1 ta yo‘l o‘tkazgich qurib bitkazildi. Xivada vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish va stansiya yangi binosi qurib bitkazilib, zamon talablariga munosib jihozlandi.

Umumiy qiymati 35,9 million AQSh dollarini tashkil qilgan loyiha qurilishida Kapital qurilish direksiyasi, Maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi, Urganch yo‘l masofasi, Xorazm temir yo‘l qurilish unitar korxonasi, 203-279 yo‘l mashina stansiyasi vakillarining mehnati singdi.

Yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilayotgan Xiva vokzalida bir vaqtning o‘zida 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoni yaratilgan. Vokzal so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu yerda zamonaviy VIP-zal, ona va bola xonasi, tibbiyot xonalari tashkil etilgan. Vokzal oldida musiqali favvora o‘rnatildi.

Xiva vokzalidan chiqishingiz bilan yangi milliy uslubdagi mehmonxonalarga ko‘zingiz tushadi. Ularning yaqinida esa "Xiva-Lokomotiv" parki hamda zamonaviy gipermarket bunyod etilmoqda.

"Xiva shahrida temir yo‘l vokzali qurilishi bilan birga, turizmni rivojlantirish maqsadida yangidan yangi mehmonxonalar ham bunyod etilmoqda. Ayni damda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan 74 nafargacha mehmonni qabul qiluvchi, barcha qulayliklarga ega mehmonxona qurilishining yakuniy ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hududda 84 va 56 o‘ringa mo‘ljallangan yana ikki mehmonxona, 70 o‘rinli restoran  ham qad ko‘tarmoqda. Bundan tashqari, "Xiva-Lokomotiv" istirohat bog‘i barpo etilmoqda. Unda 57 sotixli ko‘l, 27 xil attraksion, amfiteatr, zamonaviy savdo rastalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan", - deydi "Xiva-Lokomotiv" istirohat bog‘i rahbari Alisher Quronboyev. 

Yangi temir yo‘li, vokzal binosining barpo etilishi, shuningdek ularning yaqinida qad ko‘tarayotgan zamonaviy mehmonxonalar hududning sayyohlar oqimini yanada oshirishga, mahalliy turoperatorlarga yengillik yaratish yo‘lida xizmat qilishi, shubhasiz. AgroStar sayyohlik firmasi vakili Iroda Yo‘ldosheva bu haqida shunday deydi:

"Xiva shahrida yaratilayotgan qulayliklarni ko‘rib juda xursand bo‘ldik, ochig‘i. Negaki, biz oyiga yuzlab turistlarga xizmat ko‘rsatamiz. Ularga birinchi navbatda nima kerak? Eng avvalo, ularni joylashuv vositalari bilan ta'minlash kerak. Yangi qurilgan Xiva vokzalining yonginasida zamonaviy mehmonxonalarning bunyod etilishi Xivaga sayyohlarni olib keluvchi turoperatorlar uchun katta qulaylik yaratadi. Kelgusida ularni bu yerga olib kelganimizda transport bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi, chunki vokzalning yonginasida mehmonxona, uning ortida esa - Ichan qal'a joylashgan. Atrofda esa sayyohlar o‘tirib dam olishi uchun favvoralar va istirohat bog‘lari mavjud".

Mahalliy aholi vakili bo‘lgan Qalandar ota Aminov ham Xivadagi o‘zgarishlardan mamnun ekanini bayon qildi:

"Bizning shahrimizda ajoyib temir yo‘llari, vokzal, yangi binolar qad ko‘tarmoqda. Xivadek tarixiy shahar dunyoda yo‘q, bu ertaklar shahri. Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan qurilayotgan yangi inshootlar Xivamizning chiroyiga chiroy qo‘shmoqda. Ilgari Toshkentga borish uchun Urganchga borib, oldindan chipta sotib olib, keyin poytaxtga yo‘l olardik. Endi esa shundoqqina Xivaning o‘zidan chipta xarid qilib, zamonaviy vokzal orqali orzularimizni amalga oshiradigan vaqt keldi. Kelajakda Xivada xalqaro aeroport faoliyati tashkil etilsa ham ajab emas".

Ta'kidlash joizki, Xiva shahrida yangi vokzal, mehmonxonalar, istirohat bog‘i va savdo rastalarining ishga tushishi 100 dan ziyod mahalliy aholi vakillarini ish bilan ta'minlash imkonini yaratadi.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid