Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Real»da tarix takrorlanadimi yoxud Santyago Solari uchun 15 kun
Ikki kun oldin “Barselona” “Real” ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozondi va Xulen Lopetegini jarlikning qirg‘og‘iga olib kelib qo‘ydi. So‘nggi nuqtani esa kecha madridliklar rahbariyati murabbiyning iste'fosi haqidagi rasmiy xabar bilan qo‘ydilar.
Atigi to‘rt oy ichida ispaniyalik mutaxassis juda nufuzli ikki ishdan ayrildi. Avvaliga Ispaniya terma jamoasi va mana endi “Real”.

Iste'fo haqidagi rasmiy xabarning uchinchi xatboshisida klub murabbiyni to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblayotganini ko‘rish mumkin. “Jamoa tarkibida tarixda birinchi marta “Oltin to‘p” sovrini uchun nomzod bo‘lgan sakkiz nafar futbolchi to‘p surmoqda. Tarkib sifati va qayd etilayotgan natija o‘rtasida juda katta tafovut bor”, deb yoziladi bayonotda.
“Real” bosh murabbiyi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib, “Kastilya”ni (“Real”ning o‘rinbosarlar jamoasi) boshqarib turgan 42 yoshli argentinalik mutaxassis Santyago Solari tayinlandi. O‘z vaqtida Solari jamoa yarim himoyachisi bo‘lgan va asr boshlarida madridliklar bilan birgalikda ikkita Ispaniya chempionligi va superkubogini yutgan.

2013 yilda u “Real” tizimida ish boshladi va turli yoshdagi bolalar jamoalarini boshqarib keldi. Avvaliga 15-16 yoshlilar, keyin 17-19 va nihoyat, 2016 ning yozidan boshlab “Kastilya” bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Ikki to‘liq va joriy mavsumning 10 turidan so‘ng Santyago Solari karerasidagi pillapoyalarda navbatdagi qadamni qo‘ydi.
Hozirgi vaziyat uch yil oldin Rafayel Benites va Zinedin Zidan bilan ro‘y bergan holatning aynan o‘zginasi. Peres o‘shanda ilk mavsumini o‘tkazayotgan Benitesni iste'foga chiqarib, uning o‘rniga Zidanni tayinlagan. Fransiyalik murabbiy o‘sha paytda “Kastilya”ni boshqarayotgandi. Natija nima bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz – bu davr “Real”ning yangi tarixidagi eng sermahsul yillar bo‘ldi: jamoa qatorasiga uch bora Yevropa Chempionlar ligasini yutdi, bir marta Ispaniya chempionligi va yana bir nechta kuboklarning sohibiga aylandi. Xo‘sh, Solari ham sobiq jamoadoshining yo‘lidan bora oladimi?

Nazariy tomondan hamma narsa bo‘lishi mumkin, lekin amalda... Birinchidan, Solarining kelajagi hali aniq emas. U “Real”ni vaqtinchalik boshqaruvchi maqomida faqat ikki hafta qola oladi. Ispaniya La Ligasi qoidalari shunday. Klub mana shu o‘n besh kun ichida doimiy murabbiy borasida bir qarorga kelishi shart. Bu muddatda yo Solari bosh murabbiy sifatida klub bilan shartnoma imzolashi yoki yangi bosh murabbiy ismi e'lon qilinishi kerak.
Asosan Antonio Konte varianti ko‘proq tilga olinmoqda. Ammo ba'zi nyuanslar borki, italiyalik murabbiyning Madridga kelishdan qaytarishi mumkin. “Chelsi” bilan shartnoma shartlariga ko‘ra, muddat oxirigacha bormagani uchun klub Kontega 10 million yevro konpensatsiya to‘lashi kerak. Lekin bu yerda “Chelsi” ham juda ayyorlik qilmoqda va shartnomani buzmay, murabbiyga maosh to‘lashda davom etmoqda. Tushunib turganingizdek, agar Konte yangi ish topsa, bebiliska kelib turgan maosh ham to‘xtaydi, 10 million yevro ham havoda qolib ketadi. Demak, bunday tavakkalchilikka borish uchun Konte Madridda ishlashga juda qiziqishi yoki o‘ziga juda ishonishi kerak.
Aytishlaricha, Kontening talablari ham aniq. Jamoaga markaziy hujumchi va markaziy himoyachi kerak. Bu transferlarsiz u “Real”ni boshqarishga rozi bo‘lmaydi. Ispan nashrlarining yozishicha, bunday talablar Peresning italiyalik murabbiyga bo‘lgan qiziqishini biroz so‘ndirgan va vaziyat yanada mavhumlashgan.
Matbuotda aniq nomzodlardan tashqari turli taxminlar va fantaziyalar ham tilga olinmoqda; zero, “Real”dagi bosh murabbiy o‘rni barchaning e'tiborida turgan lavozimdir. Masalan,
Romantik variant: Raul Gonsales. Yulduzli tarkibni yaqin o‘tmishdagi afsona Raul Gonsalesga topshirilishi. 41 yoshli mutaxassis uch yillik tanaffusdan so‘ng, futbolga qaytdi va “Real” tizimida yoshlar murabbiyi sifatida ish boshladi. Raulning “Santyago Bernabeu” maydoni chetida paydo bo‘lishi jamoaga yetishmay turgan ruhiyatni qaytarishi mumkin.

Ideal variant: Arsen Venger. Florentino Peres fransiyalik murabbiyning ashaddiy muxlisi hisoblanadi va bir paytlar «galaktikos»ni aynan Vengerning qo‘liga topshirmoqchi ham bo‘lgan. Lekin “Arsenal”da ajoyib jamoa tuzgan Venger Ispaniyaga kelishni istamagandi. Hozirda Venger “Arsenal”dan ketgan bo‘lsa-da, futbolni butunlay tark etmoqchi emasligini ma'lum qilgan. Uning ko‘proq murabbiy emas, boshqaruv lavozimlarida paydo bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa-da, agar Peres eski “muhabbatini” eslab qolsa, qat'iyat ko‘rsatib, murabbiyni Madridga olib kelsa, nima deysiz?
Qiziq variant: Fernando Yyerro. O‘z vaqtida “Katta kapitan” laqabi bilan mashhur bo‘lgan afsonaviy futbolchi. Aslida Raul yoki Guti variantlariga o‘xshash, lekin yanada ishonchliroq deyish mumkin. Chunki Yyerroning boshqaruvdagi tajribasi kattaroq. U 2007-2012 yillarda Ispaniya terma jamoasi sport direktori vazifasini bajargan, 2014 yildan esa Anchelottiga yordamchi sifatida “Real” murabbiylar shtabidan joy olgandi. Yozda Lopetegi kutilmaganda Ispaniya terma jamoasidan iste'foga chiqarilgach, uning o‘rnini Jahon chempionatida aynan Yyerro egallagandi. Xuddi shunday rokirovka yana bir marta amalga oshib qolsa, haqiqatan ham juda qiziq bo‘lsa kerak.
Peresning xayolida nomzodlar g‘ujg‘on o‘ynab turguncha, o‘zini isbotlashi uchun Solarida 4 o‘yin bor. Ertaga Ispaniya kubogi doirasida “Melilya”ga qarshi o‘yin bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, jamoani La Ligadagi ikki uchrashuv (“Valyadolid” va “Selta”) hamda Chempionlar ligasida “Viktoriya” bilan o‘ynash uchun Plzenga safar kutib turibdi.
Qisqa muddatda va bunday raqiblar bilan qandaydir sezilarli o‘zgarishni namoyish qilish qiyin. Ko‘pchilik asosiy o‘zgarish sifatida Vinisius Juniorning asosiy tarkibda paydo bo‘lishini kutmoqda. Yozda “Flamengo”dan 45 million yevroga sotib olingan 18 yoshli hujumchiga Lopetegi umuman ishonch bildirmagan. Vinisius esa, “Kastilya”da Solari qo‘l ostida o‘zini ko‘rsatmoqda – besh o‘yinda to‘rt gol va bir assist.

Solarining uslubi va “Real” uchun qanday murabbiy ekani haqidagi mulohazalarni faqat ikki hafta o‘tib bildirish mumkin. Hozircha esa, Peres qirollikdagi yong‘inni o‘ziga tanish bo‘lgan usul bilan vaqtincha o‘chirib turibdi. Ikkinchi marta ham bu qaror o‘zini oqlaydimi yoki yo‘q, vaqt ko‘rsatadi.
DOSe
Santyago Solari, 1976 yilning 7 oktabrida Argentinaning Rosario shahrida tug‘ilgan.
O‘ynagan jamoalari: “River Pleyt” (Argentina), “Atletiko” “Real” (Ispaniya), “Inter” (Italiya), San Lorentso (Argentina), “Atlante” (Meksika), “Panyarol” (Urugvay).
“Real” tarkibida 2000-2005 yillarda 131 o‘yinda maydonga tushib, 10 gol muallifi bo‘lgan.
Argentina terma jamoasi safida 11 o‘yinda maydonga tushgan.
Yutuqlari: Libertadores kubogi (1996), Argentina chempioni (1997, 1998), Ispaniya chempioni (2001, 2003), Chempionlar ligasi g‘olibi (2002), Qit'alararo kubok (2002), UYeFA Superkubogi (2003), Italiya chempioni (2006, 2007, 2008), Italiya kubogi ( 2006).
Q. Aslanov tayyorladi.
Mavzuga oid
16:55 / 23.05.2025
«Real» Karlo Anchelotti ketishini e’lon qildi
19:12 / 18.05.2025
«Cho‘ksang kattaroq dengizda cho‘k». Gulerning onasi, Madriddagi sarguzashtlari va zilziladan omon qolgan muxlisi haqidagi hikoyasi
12:45 / 27.04.2025
Mojaroli klasiko. «Real» bu safar jang taklif qildi, ammo ozroq yetmadi
02:38 / 03.04.2025