Jahon | 13:19 / 31.10.2018
22360
2 daqiqa o‘qiladi

Kosmosdan sirli radiosignallar olindi

Foto: Pete Wheeler / ICRAR

Kertin universiteti (Avstraliya) olimlari tezkor radiochaqnashlar manbalarini o‘rganib chiqishdi va ular past chastotalarda kuzatilmasligini aniqlashdi. Ushbu hodisaning aniq sababi hozircha noma'lum. Bu haqda Phys.org’dagi matbuot uchun xabarnomada aytiladi.

Tez radioimpuls bir necha millisoniya davom etadi va kosmik makonga juda katta energiyani chiqarib tashlash bilan kechadi - bu Quyosh bir necha o‘n minglab yillar davomida chiqarib tashlovchi miqdorga teng. Farazlardan biriga ko‘ra, hodisa o‘zga sayyoralardagi sivilizatsiyalar faoliyati bilan bog‘liq. Ba'zi olimlarning bildirishicha, bunday chaqnashlar yulduzlar yo‘qolib ketishi kabi falokatli hodisalar natijasi bo‘lishi mumkin.

Astronomlar ASKAP radiointerferometri va Murchison Widefield Array (MWA) antennali panjarasidan foydalanib, tezkor radiochaqnashlar manbalarini qidirishdi. Birinchi vosita 700-1800 megagers (MGts) chastota diapazonida, ikkinchisi esa - 80-300 MGts.da nurlanishni tutib olishga qodir. ASKAP 1,4 gigagers chastotada tezkor radiochaqnashlarning bir nechta yorqin manbalarini qayd etdi, MWA esa ularni ko‘rmadi, garchi osmonning o‘sha qismiga qaratib qo‘yilgandi.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu natija radioto‘lqinlar tarqalishi tufayli yuzaga keladigan impulsning kengayishi hodisasi bilan tushuntirilishi mumkin emas. Boshqa ehtimoliy variantlar orasida manba atrofida zich muhit orqali uning o‘tishida elektromagnit nurlanish singishi ham bor. Boshqa farazga ko‘ra, stsintillyatsiya jarayoni orqali signal chastotasi ASKAP tomonidan qayd etilgan miqdorga qadar oshishi yuz bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid