Jamiyat | 16:04 / 31.10.2018
6958
5 daqiqa o‘qiladi

«Samarqand bir vaqtning o‘zida ikki zamonni - tarix va bugunni ko‘rish imkonini beradi»

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkillashtirilgan va 28 oktabr kuni o‘z ishini boshlagan «O‘zbekiston-Rossiya yoshlari forumi. Hamkorlik, tashabbus va innovatsiya» festivali 30 oktabr kuni Samarqand shahrida davom etdi. Rossiyadan tashrif buyurgan mehmonlar eng avvalo Amir Temur maqbarasi, Xoja Doniyor majmuasi, Ulug‘bek observatoriyasini ziyorat qilishdi.

«Biz O‘zbekistondagi tarixiy obidalari haqida faqat  internet orqali ma'lumotga ega edik. Endi esa bu obidalarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, naqadar go‘zal va betakror ekanligiga guvoh bo‘lmoqdamiz», – deydi Voronej davlat universiteti magistranti Anastasiya Kovaleva.

O‘zbekiston-Rossiya yoshlar forumi doirasida Registon majmuasida «Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida turistik oqimni kengaytirishda yoshlarning o‘rni» mavzusida bo‘lib o‘tgan amaliy konferensiyasida Rossiyaning turli shaharlaridan tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar bilan bir qatorda faol yoshlar, tajribali biznesmenlar, yosh tadbirkorlar hamda OAV vakillari ham ishtirok etishdi. Sessiyada ikki davlat o‘rtasida turizm va turizm salohiyati yutuq va kamchiliklari haqida so‘z yuritildi.

 

«Men Moskvada yashayman. O‘zbekistonga kelishimizdan maqsad, bu yerga sayohatga keladigan mehmonlarga o‘ziga xos xizmat ko‘rsatish usullari bilan tanishmoqchimiz. Mamlakatning bir qator madaniy yodgorliklari bilan yaqindan tanishish, rivojlanish istiqbollarini o‘rganish,  hamkorlik va mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini davom ettirishni niyat qilib kelganmiz», ؅— deydi  Rossiya yoshlar ittifoqi Xabarovsk regioni vakili Irina Potapenko.

 «Turizm sohasi talabalari uchun muhim tadbir bo‘ldi»

Bu uchrashuv aynan ushbu universitet talabalarining o‘zaro do‘stona aloqalarni yaxshilash va fikr almashish uchun asosiy vazifani o‘tadi.

Rossiya Iqtisodiyot instituti o‘qituvchisi Yuliana Rasulova  O‘zbekistonga asosan qaysi davlatlardan ko‘proq sayyohlar tashrif buyurayotgani bilan qiziqdi.

Bu savolga «Ipak yo‘li» xalqaro Turizm universiteti talabasi Laziz Abdusaidov javob berdi.

«Statistik ma'lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, asosan Yevropadan ko‘proq tashrif buyurmoqda. Bunga sabab aynan Yevropa davlatlarda bizning davlatga chiqish uchun ko‘plab imtiyozlar mavjud bo‘lib, ular talabalar uchun turli chegirmalar joriy qilganida. O‘zbekistonda turizm salohiyatini rivojlantirish uchun avvalo malakali mutaxassislar va kadrlari yetishtirib berish masalasi turibdi.

Joriy yilda Samarqandda «Ipak yo‘li» xalqaro Turizm universiteti ochildi va birinchi talabalar qabul qilindi. Universitetimizda Turizm industriyasining barcha sohalarini o‘zida qamrab oluvchi fakultetlar mavjud bo‘lib, chet eldan jalb qilingan o‘qituvchilar dars berishmoqda. O‘quv mashg‘ulotlari davomida biz turizm sohasining va servis sohasini yaxshilash borasida takliflar ishlab chiqmoqdamiz», deydi u.

 Registonda 3D shou

Ilmiy anjumandan so‘ng madaniy dastur va Registon maydonida 3D shou dasturi tashkil etildi.

«Bu kabi 3D shou sayyohlar oqimini jalb qilishga yordam beradi. Moskvada ham 3D shoular bo‘lib turadi. Ammo Registonda o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlar ekan. Sababi, Samarqand bir vaqtning o‘zida ikki zamonni, tarix va bugunni ko‘rish imkonini beradi. Bugunni taassurotlarimni albatta, do‘stlarimga yetkazaman va ularga O‘zbekistonga kelib barchasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni tavsiya etaman», — deydi Rossiya yoshlar parlamenti a'zosi Sergey Zolotarev.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid