Iqtisodiyot | 22:08 / 31.10.2018
5504
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zagrotexsanoatxolding" va "DST-Ural" zavodi o‘rtasida memorandum imzolandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik birinchi forumi” amalda o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Rossiyaning qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi zavodi hisoblangan "DST-Ural" rasmiy saytida O‘zbekistonning "O‘zagrotexsanoatxolding" AJ bilan imzolangan memorandumi haqida ma'lumot berildi.  

Xabarga ko‘ra, memorandum "DST-Ural" zavodi direktori Aleksey Sinelnikov, "O‘zagrotexsanoatxolding" kompaniyasi raisi Muxtor Karimov va "Rosinvest" sanoat guruhi bosh direktori Sergey Chebotarenkolar o‘rtasida imzolangan.

"Biz taklif qilgan shartlar shaffof. Biz investorlar kelishi uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratamiz. Mamlakatimiz ulkan salohiyatga ega va biz O‘zbekistonda mashinasozlikni rivojlantirishni istaymiz",- deydi Muxtor Karimov.

Aleksey Sinelnikov ham, o‘z navbatida, "Bizga juda yaxshi ish sharoitiga ega bo‘lgan ishlab chiqarish maydoni taklif etildi. Toshkentdagi hamkorlarimizning do‘stona munosabatda ekanliklari va ulardagi zamonaviy O‘zbekistonda jiddiy ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirishga bo‘lgan samimiy ishtiyoq yuqori ekanligini alohida ta'kidlamoqchiman”, deya o‘z fikrini bildirdi.

Mazkur memorandum "O‘zagrotexsanoatxolding" majmuasida yo‘l qurilishi va qishloq xo‘jaligi uchun maxsus zanjirli tasma texnikasini ishlab chiqaradigan korxona tashkil etishni nazarda tutadi.

"DST-Ural" zavodi – Rossiyadagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi zavod hisoblanadi. Zavod 1998 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

Mavzuga oid