Sport | 16:28 / 02.11.2018
21936
16 daqiqa o‘qiladi

APLning iste'fo yoqasidagi 5 murabbiyi

Foto: Warren Little/Getty Images

APLning 2018/19 yilgi mavsumi boshi faqat «Liverpul»ning chempionlik uchun jiddiy da'vogarlik qilayotgani bilan emas, noyabrgacha ham bironta murabbiy iste'foga chiqarilmagani bilan ajralib turibdi. Oxirgi 6 yilda chempionatning dastlabki 3 oyida birorta ham murabbiy ishdan bo‘shatilmasligi faqat ikkinchi marta ro‘y bermoqda – 2017/18 yilgi mavsumda noyabrga qadar 3 murabbiy ishsiz qolib bo‘lgandi. Lekin qayd etish kerakki, APLda bir necha jamoada start muvaffaqiyatsiz kechdi va ularning murabbiylari ishsiz qolish xavfi ostida qolgan.

Joze Mourino, «Manchester Yunayted»

Portugaliyalik murabbiy – iste'fosi eng ko‘p muhokama qilinayotgan mutaxassis bo‘lib turibdi. Jozening «Manchester Yunayted»dagi kursisi bir yil muqaddam qimirlashni boshlagan, ammo Ed Vudvord 2018 yil yanvarida Mourino bilan yangi – 2020 yilga qadar mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolagandi.

Buning uch sababi bor. Birinchisi – Mourino debyut mavsumida 3 turnirda g‘alaba qozongandi: «Biz yuqori standartlar o‘rnatdik, 3 sovrinni qo‘lga kiritdik, ammo bu bilan cheklanmaymiz». To‘g‘ri, «qizil iblislar» ikkinchi darajali turnirlarda g‘olib chiqishgandi: Yevropa Ligasi, Angliya Kubogi va Angliya Superkubogi – uchinchi sovrin bitta o‘yinda qo‘lga kiritildi, «MYu» esa bu final o‘yinida van Galning mehnatlari evaziga yutib olingan Kubok tufayli ishtirok etdi. Ikkinchi mavsumda «Yunayted» hech narsa yutib ololmadi.

Foto: Chris Brunskill/Fantasista/Getty Images

Ikkinchi sabab – yosh futbolchilar bilan ishlash. «Joze klub istagi bo‘yicha ish tutib, yosh futbolchilarni asosiy jamoaga kiritib kelmoqda», — degandi Vudvord yanvarda. «Yunayted» ijrochi direktori aynan kimlarni nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan. Aslida Mourino Maktomineyni Pogbaning aqlini kiritib qo‘yish uchun o‘ynatmaganmidi? 2017/18 yilgi mavsumning birinchi yarmida yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan Antoni Marsiyal esa ikkinchi davrani zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi. Mavsum boshida ikkita yaxshi o‘yin o‘tkazgan Pereyra yo‘qolib qoldi, Fosu-Mensa ijarama-ijara yuribdi, bu vaqtda esa «Yunayted»da Yang asosiy o‘ng qanot himoyachisi. Hatto van Gaalning kashfiyoti bo‘lmish Reshford joriy mavsumda atigi 3 o‘yinda maydonga tushgan.

Uchinchi sabab – 2018 yilning yanvarida jamoa APLda ikkinchi o‘rinda bo‘lganidir. «Manchester Yunayted» Angliya chempionligi uchun imkoniyat saqlab qolgandi (garchi birinchi o‘rindagi «Siti» bilan oradagi farq 13 ochkoni tashkil etgan bo‘lsada), taqqoslash uchun jamoa 2015/16 yilgi mavsumda beshinchi, 2016/17 yilgi mavsumda oltinchi o‘rinda edi. Lekin o‘tgan mavsumda jamoaga ko‘p o‘yinlarda omad kulib boqqan, agar hujumchilarning yo‘q joydan gollar urishi va darvozabonning seyvlari bo‘lmaganida «Yunayted» kuchli oltilikdan ham tashqarida qolishi mumkin edi.

Taqdir Jozeni qo‘llamay qo‘ygach, de Xea supermen rejimini o‘chirgach, endi «Manchester» 8-o‘ringa tushib qolgan, jamoa ochkolar farqi jihatidan 1-o‘rindan ko‘ra 15-o‘ringa yaqinroq.

Hujumlarning pala-partishligi, jamoaviy o‘yinning kuchsizligi, eskicha himoyalanish tizimi – bularning barchasi Mourinoning keyingi 2,5 yildagi faoliyati oqibatlaridir. Shu tufayli jamoa «Yuventus» va «Vest Hem»ga qarshi birdek nursiz o‘yin ko‘rsatmoqda. Hozircha portugaliyalik mutaxassisni iste'fodan ikki narsa saqlab turibdi: uning shartnomasida ko‘rsatilgan yirik miqdordagi tovon puli va yomon o‘yinlar ortidan birdan yaxshi o‘yinlar o‘tkazilayotgani (masalan, u iste'fo yoqasida qolganida «Nyukasl» ustidan 3:2 hisobidagi irodali g‘alaba qayd etildi va 4 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyaga yakun yasaldi. Shuningdek, «Yuventus»dan qabul qilingan alamli mag‘lubiyatdan keyin «Everton» mag‘lub etildi).

Hozircha Vudvord Mourinoni ishdan bo‘shatishga va qishki transferlar uchun 112 mln yevro ajratishga jur'at qila olmayapti. Bu vaqtda esa «Real» Xulen Lopetegiga o‘rinbosar izlamoqda va «Manchester Yunayted»ga kelishi mumkin bo‘lgan  murabbiylardan birini, xususan Antonio Konteni ilib ketishi mumkin.

Slavisha Yokanovich, «Fulhem»

Foto: Clive Rose/Getty Images

«Fulhem» Chempionshipda ajoyib mavsum o‘tkazdi: jamoa turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egalladi, APLga o‘tish o‘yinlarida «Derbi» va «Aston Villa» mag‘lubiyatga uchratildi. «Fulhem» chiroyli va jamoaviy futbol namoyish etdi, buni barcha ekspertlar e'tirof etishdi, 17 yoshli vinger Rayan Sessenon esa Chempionshipning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘ldi.

Premer-ligada ham «Fulhem»dan muvaffaqiyatli ishtirok kutishgandi. Klub keng ko‘lamli transfer kampaniyasi olib bordi, «yangi Xavi» deb atalgan Jan-Mishel Seri 30 mln yevro evaziga, ijarada o‘ynab, to‘purar bo‘lgan Mitrovich «Nyukasl»dan 20 mln yevro evaziga sotib olindi, jahon chempioni Andre Shyurrle, shuningdek, Fosu-Mensa va Viyetto kabi yulduzli futbolchilar ijaraga olindi. «Fulhem» transferlarga jami 100 mln yevro sarfladi (qolaversa, bu futbolchilar uchun yirik miqdorlardagi maoshlar to‘lashga rozi bo‘ldi). Muxlislar «Fulhem»dan hech bo‘lmasa turnir jadvalining o‘rtalarida bo‘lishni kutishgandi.

Buning o‘rniga «Fulhem» ayni vaqtda 10 o‘yinda atigi bir g‘alabaga erishgan holda quyi o‘rinlarda bormoqda. Jamoa ko‘p vaziyat yaratmayapti va ko‘p gol urmayapti (11 gol – na «Brayton» va «Byornli» darajasi), shuningdek, himoyada juda yomon o‘yin ko‘rsatilmoqda. «Fulhem» o‘z darvozasi oldida ko‘plab qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymoqda va 10 o‘yinda 28 gol o‘tkazgan (bu ligadagi eng yomon ko‘rsatkich), ularning APLdagi oxirgi o‘yinlarida quyidagi natijalar qayd etilgan – «Bornmut»dan 0:3, «Kardiff»dan 2:4, «Arsenal»dan 1:5 va «Everton»dan 0:3.

Oktyabr oyi boshida Yokanovich shunday hazillashgandi: Onam aytadiki, Slavish til bilish qobiliyati bilan istalgan mehmonxonadan ish topa oladi.

Noyabr oyi boshiga kelib bu hazil tagidan zil chiqishi mumkin, Yokanovich nimadir o‘ylab topmasa, «Fulhem» jamoani Ellardays yoki boshqa bir qutqaruvchi murabbiyga topshirishi haqiqatga yaqin ko‘rinmoqda.

Rafael Benites, «Nyukasl»

Foto: Clive Brunskill/Getty Images

Chempionlar ligasi g‘olibi, «Chelsi» va «Real» klublarida ishlagan Rafa Benites hozirda «Nyukasl»dagi uchinchi mavsumini o‘tkazmoqda. U 2015/16 yilgi mavsum oxirida jamoaga kelgan, ammo «qarg‘alar»ni quyi mavsumga sho‘ng‘ishdan asrab qololmagandi, lekin keyingi mavsumda chempionshipda g‘olib chiqdi va 2016/17 yilgi mavsumda APLda muvaffaqiyatli ishtirok etib, mavsumni turnir jadvalidagi 10-o‘rinda yakunladi.

Yangi mavsumda yana barcha ish orqaga ketdi. Transferlar vaqtida tarkibni kuchaytira olmagan «Nyukasl» keyingi 120 yil ichidagi eng yomon natijasini qayd etdi: 10 turdan keyin biror g‘alaba yo‘q, 3 ochko va oxirgi o‘rin. O‘yinlarda vaziyatlar yaratish va gol urish bo‘yicha «qarg‘alar» faqat «Haddersfild»ni ortda qoldirgan. Shu bilan birga, «Nyukasl» 14 gol o‘tkazgan (bu «Manchester Yunayted», «Lester» va «Vest Hem»ning natijasidan yaxshiroqdir), ammo «Sauthempton», «Kristal Pelas» va «Kardiff» bilan o‘yinlardagi golsiz duranglar muxlislarni ham, Benitesni ham va klub xo‘jayinlarini ham qoniqtirmaydi.

Darvoqa, xo‘jayin haqida. Mayk Eshli bir yildan buyon «Nyukasl»ni sotish haqida o‘ylamoqda; shu tufayli klub kamxarj-rejimda va yangi futbolchilar sotib olmayapti. Benitesning ixtiyorida juda kam hujumkor futbolchilar mavjud, sifatlilari esa barmoq bilan sanarli. «Nyukasl» o‘yini ko‘p jihatdan «Chelsi»dan ijaraga olingan Kenediga bog‘liq, jamoa hujum chizig‘i juda kuchsiz, maydon markazi holati Jonjo Shelvi va Muhammad Diamening kayfiyatiga bog‘liq.

Benites boridan foydalangan holda transferlarga katta mablag‘lar sarflagan klublarga qarshi turishga harakat qilmoqda. Lekin Rafaning o‘tmishdagi muvaffaqiyatlari unutilib, «Nyukasl»ni qutqarish uchun boshqa kimnidir olib kelishlari mumkin. Garchi, jamoani hech kim qutqara olmasada.

Mark Xyuz, «Sauthempton»

Foto: Michael Steele/Getty Images

Ushbu ro‘yxatdagi «eng britancha» murabbiy. Aynan Xyuz qurgan jamoa tufayli juda ko‘pchilik Leo Messi «Barselona» bilan APLda kosmik darajada o‘yin ko‘rsata olmaydi deb hisoblashadi. Ularning fikricha, «Stokdagi yomg‘irli oqshom»da argentinalik futbolchi juda ko‘p muammolarga duch kelgan bo‘lardi. Xyuz «Stok» bilan ko‘p kuchli jamoalarni dog‘da qoldirgan: Shakiri, Arnautovich, Xese, Fletcher, Allen, Shupo-Moting va boshqa yulduzlar bilan birga ko‘p mavsumlar davomida Angliyaning o‘rtamiyona jamoasi maqomini saqlab qolgandi. Mark yanvar oyida iste'foga chiqarildi, uning o‘rniga «kulollar» rahbarligiga kelgan Pol Lambert ham jamoani o‘ziga keltira olmadi.

Xyuz o‘shanda «Sauthempton»ni qutqarish uchun chaqirilgandi. «Avliyolar» hamisha yorqin, hujumkor futbol namoyish etib kelgan, bu jamoani Pochettino, Kuman, Pyuel, Pellegrino kabi xarizmatik murabbiylar boshqargan. Xyuz ularning hech biriga o‘xshamaydi.

Lekin uning to‘g‘ri chiziq bo‘ylab harakatlanishga asoslangan futboli «Suonsi»ni quvib o‘tish va ligada jon saqlab qolish uchun yetarli bo‘ldi. Yangi mavsumda «Sauthempton» kutilmaganda o‘zining kombinatsion uslubiga qaytdi: bu Ingz va Elyunussi transferi, maydon markazida Xyoyberg va Leminaning muvaffaqiyatli harakatlari evaziga bo‘ldi, Xyuz to‘pni jamoada saqlashga va qisqa paslar orqali o‘ynashga harakat qildi. Ha, jamoa bu ishni har o‘yinda muvaffaqiyatli uddalay olmadi, ammo «Brayton» yoki «Kristal Pelas» kabi o‘zi bilan bir darajadagi jamoalarga qarshi o‘yinlarda «Sauthempton» yomon ko‘rinmadi.

Ha, «avliyolar» qatorasiga 5 o‘yinda gol ura olishmayapti. «Chelsi» va «Liverpul» kabi kuchli jamoalardan 0:3 hisobida mag‘lub bo‘linishini tushunish mumkin, ammo «Vulverhempton» bilan o‘yindagi 0:2 hisobi va «Bornmut» hamda «Nyukasl»ga qarshi o‘yinlardagi golsiz duranglar jamoa xo‘jayinlarining sabr kosasini to‘ldirgan. Jamoa yana ikkita muvaffaqiyatsiz o‘yin o‘tkazsa, Xyuz iste'foga chiqishi mumkin bo‘lgan murabbiylar poygasida Yokanovich va Mourinoni ham ortda qoldirishi mumkin.

Shon Daych, «Byornli»

Foto: Nigel Roddis/Getty Images

Ko‘pchilik uchun kutilmagan nomzod, jamoa o‘tgan mavsumda APL turnir jadvalida yettinchi o‘rinni egallagan. O‘shanda «Byornli» Yevropa Ligasiga o‘tish o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan, muxlislar Daych nomiga pabni nomlashgandi.

O‘z muvaffaqiyatlariga «Byornli» Daychning ayyorona himoyaviy uslubi orqali erishgan: jamoa o‘z darvozasi tomon ro‘paradan zarba berilishiga yo‘l qo‘yib beradi, ammo futbolchilar shunday joylashishadiki, burchaklar tomon yo‘llangan to‘pni himoyachilar to‘sishadi, darvoza o‘rtasiga yo‘llangan zarbaga darvozabon mas'ul bo‘ladi. Bu esa muvaffaqiyatli qarshi hujum imkoniyatini taqdim etadi. «Byornli» bu uslub evaziga kutilganidan 13ta kam gol o‘tkazgan va yakunda 7-o‘rinni egallagan.

Yangi mavsumda «Fulhem» o‘z darvozasi tomon eng ko‘p zarba o‘tkazgan, «Byornli» ikkinchi o‘rinda. Ammo endi Daychning tizimi ishlamay qolgan – shu tufayli jamoa 21 gol o‘tkazib ulgurdi (oxiridan 4-o‘rin). Buning sababi «Byornli» jarima maydoni oldida raqiblar hujumlarni avvalgidan ko‘ra yaxshiroq tayyorlashmoqda va aniq harakatlanishmoqda, bunday ssenariyga Daychning yigitlari tayyor emasdi. O‘tgan mavsumda «Byornli» qarshi hujumlarda dahshatli kuchga aylanardi, ammo bu mavsumda ularning o‘yinini oldindan o‘qishmoqda, to‘pga egalik qilishdan voz kechgan Daych pozitsion hujum uyushtirishga majbur bo‘lmoqda. «Byornli» hujumda faqat o‘ng qanotda yaxshiroq harakatlanmoqda. Hozirda «Byornli»ni xavfli hududdan 3 ochko ajratib turibdi, lekin ular o‘yin sifati bo‘yicha «Kardiff» yoki «Haddersfild»dan yaxshiroq ko‘rinishayotgani yo‘q.

Daychga o‘tgan mavsum uchun imkoniyat berishlari mumkin: baribir 7-o‘rin «Byornli» uchun tarixiy natija edi. Daychga faqat bir narsa pand berishi mumkin… avvalgi mavsum: agar xo‘jayinlar «Byornli» bu mavsumda ham o‘rtamiyonalar qatoridan joy olishi kerak deb hisoblashsa, muxlislar yoqimtoyi bo‘lgan murabbiy qishga bormay ishdan haydalishi kutiladi.

Mavzuga oid