Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Deputat: Ukrainadan import qilinadigan mahsulotlar hajmini keskin kamaytirish choralarini ko‘rish mumkin
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov Ukraina masalasi bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Facebook’dagi sahifasida post joylashtirildi. Quyida uning to‘liq matni keltiriladi.
«O‘zbekiston keyingi ikki yil davomida halqaro aloqalarni mustahkamlash, rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlarda o‘ta faol harakat qilmoqda. Bunda asosiy tashabbus va harakat davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgani ham sir emas. Mamlakatlararo savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning mustahkamlanishi, rivojlanishi, ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sishi, albatta, o‘sha davlatlarning iqtisodiy rivojlanishiga, aholisining turmush darajasini ortishiga katta ta'sir etadi. Bunday munosabatlarda ikki tomonlama manfaatli bo‘lish prinsipiga amal qilinishi muhimdir. O‘rnatilgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarining qaysi davlat manfaatlariga ko‘proq mos kelishini juda ko‘p boshqa omillar bilan bir qatorda, ular o‘rtasida amalga oshirilgan eksport – import hajmlarining qay darajada ekanligini ham ko‘rsatadi.
Ushbu maqolada ilgari suriladigan fikrlar O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarining o‘tmishi, buguni va kelgusi istiqbollari haqida bo‘ladi.
Dangalini aytganda, Ukraina “UkrAvto” avtomobil ishlab chiqaruvchilarining arizasi asosida O‘zbekistondan yengil avtomobillar importi masalasida tergov-surishtiruv ishlari haqida bayonot berganligi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘zining avtomobilsozlik sanoatining yanada rivojlanishini ta'minlash bahonasi bilan avtomobillarimizning olib kirilishiga cheklov o‘rnatish maqsadida Ukraina tomoni avtomobil sanoatiga davlat tomonidan subsidiya ajratilishi masalalarini o‘rganmoqchi.
Birgina 2018 yilning o‘tgan davri mobaynida o‘zaro tovar aylanmasi jami 335,8 million AQSh dollarni, jumladan, 274,6 million AQSh dollari miqdorida Ukrainadan import qilingan bo‘lsa, O‘zbekistondan eksport qilingan tovarlar hajmi esa 61,2 million AQSh dollarini tashkil etgan. O‘zbekistondan eksport qilingan yengil avtomobillar ulushi yuqoridagi o‘zaro tovar aylanmasiga nisbatan atigi 5,5%ni, yoki Ukrainada ishlab chiqarilayotgan o‘xshash avtomobillarga nisbatan 1%ga yaqinni tashkil etayotgan hamda 2017 yilda “Ravon” modeli sotuvlar bo‘yicha 10-o‘rinni egallaganligiga qaramasdan Ukraina tomonidan yuqoridagi mazmunda bayonot berilganligi Ukraina xalqiga foyda keltirishidan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi aniq. Birgina Ukraina va O‘zbekiston ikki karra erkin savdo zonasida bo‘lib turganligi sababli Ukrainadan import qilingan tovarlarga nisbatan qo‘llanilgan imtiyozlar 60 million AQSh dollaridan ortganligi ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston har doim o‘z tashqi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarini xalqimiz mentalitetiga, bag‘rikengligiga mos ravishda uzoqni ko‘zlagan holda, vazmin siyosat asosida amalga oshirib kelmoqda. Biroq, O‘zbekiston bir tomonlama manfaatni ko‘zlagan holda qo‘pol ta'sir choralariga nisbatan o‘zining munosib javobini xalqaro munosabatlarda tan olingan prinsiplarga mutlaqo amal qilgan holda javob berishga ham qodir.
Hozirgi vaqtda yuzaga kelgan holatda aynan shunday yo‘l tutilishi zarur. Birinchidan, eng oddiy choralardan biri sifatida Ukrainadan import qilinadigan mahsulotlar hajmini keskin kamaytirish choralarini ko‘rish mumkin. Ukrainadan import qilinayotgan asosiy tovarlar bo‘lgan shakar mahsuloti, dori vositalari, shokolad va konditer, yog‘-moy mahsulotlari, metall trubalar, qog‘oz va karton mahsulotlari, yog‘och va taxta mahsulotlari, neft va neft mahsulotlari, tirik qora mollarini o‘rnini import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishini o‘zimizda ko‘paytirish hamda Rossiya kabi strategik hamkor davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish orqali ham amalga oshirishi mumkin.
Ikkinchidan, Ukrainaga eksport qilinayotgan tovarlar hajmini boshqa yangi bozorlar izlash orqali kamaytirish yo‘lidan borishimiz ham mumkin. Bunda Ukrainadan import qilinayotgan tovarlar uchun qo‘llanilayotgan imtiyoz va preferensiyalarni boshqa hamkorlarga qo‘llash orqali ular bilan o‘zaro manfaatli tovar aylanmasini oshirilishiga erishish ham mumkin», - deb yozadi deputat.
Ma'lumot uchun: Ukraina “UkrAvto” avtomobil ishlab chiqaruvchilarining arizasi asosida O‘zbekiston avtomobillari olib kirilishi bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlarini boshlagani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputat Rasul Kusherbayev Ukrainaning cheklovlariga qarshi hukumat ham chora ko‘rishga tayyor turishi kerakligi haqida ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025