O‘zbekiston | 19:20 / 06.11.2018
35577
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi. Dilshod Kenjayev yana qaytdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosarlarini tayinladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bugun, 6 noyabr kuni yangi tayinlangan 2 nafar vazir o‘rinbosarlarini tanishtirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident qaroriga ko‘ra, Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari vazifasini bajarib kelgan Alisher Umarov Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari, vazir o‘rinbosari vazifasini bajarib kelgan Otabek Nazirov va Sarvar Babaxo‘jayev vazir o‘rinbosari lavozimiga doimiy asosda tayinlangan.

Shuningdek, Xalq ta'limi vaziriga yana ikki nafar o‘rinbosar tayinlangan.

Dilshod Kenjayev Xalq ta'limi vazirining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallagan. U o‘tgan oyda Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tgan Alisher Sa'dullayev o‘rnini egalladi. 

Foto: Dilshod Kenjayev

Dilshod Mutalibovich Kenjayev so‘nggi ikki yil ichida ushbu lavozimga uchinchi marta qaytdi. U 2017 yil iyulida Alisher Sa'dullayev vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi sababli ishdan ketgan va boshqarma boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. 2017 yilning oktabrida u yana vazir o‘rinbosari etib tayinlandi va 2018 yilning iyunigacha, sobiq vazir Ulug‘bek Inoyatov ishdan olinib, uning o‘rnini Sherzod Shermatov tayinlangunicha Xalq ta'limi vazirining Ma'naviyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishladi

U keyingi vaqtlarda Vazirlar Mahkamasi madaniyat-san'at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentining yoshlar siyosati va ma'naviy rivojlantirish masalalari sho‘'basi rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Yana bir bo‘sh turgan Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga Ibrohim Jo‘rayev tayinlangan. U hududiy boshqarmalar faoliyatini hamda maktablarni qurish, ta'mirlash va jihozlash masalalari bo‘yicha javobgar bo‘ladi. Ibrohim Jo‘rayev bungacha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Shu tariqa, Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosarlari soni 4tadan 5taga oshgan.

Mavzuga oid