O‘zbekiston | 10:13 / 07.12.2022
20542
4 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta’limi vaziri – qachon oxirgi marta avtobusda yurgani, 5 soat uxlashi va tizimdagi qarindosh-urug‘chilik haqida

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov hukumat a’zolarining jamoat transportida va piyoda yurishi, maktablarda direktorlarning o‘z qarindoshlari bo‘lmish o‘qituvchilarni ishga olishi haqida jurnalistlar savollariga javob berdi.

— Shaxsiy transportdan voz kechib, jamoat transportida yurarmidingiz?

— Agar hozirgi vaziyatda bo‘ladigan bo‘lsa, jamoat transportida yurish menga qiyinchilik tug‘diradi: men hamma narsaga ulgurolmayman.

— Oxirgi marta qachon avtobusda yoki metroda yurgansiz?

— Oxirgi marta Xitoydan qaytib kelganimdan keyin... O‘tgan yili dekabrda. Bir yil bo‘libdi. Chunki o‘sha paytda Toshkentni, O‘zbekistonni sog‘ingandim, o‘shanda aylangandim.

— Vazirlar ham piyoda yuradimi? Yomg‘ir yog‘ganda ko‘chalar suvga to‘lyapti, qor yog‘ganda sirpanchiq...

— Men boshqa vazirlar... [uchun javob bera olmayman]. [Biz o‘rganishlar olib borgan] 1700 ta maktab... Bu albatta piyoda yurishni taqozo qiladi. Maktablar orasida ham piyoda yurgan paytlarimiz bo‘lgan. Mahallalarning ichida ham piyoda yuramiz. Piyoda yurishdan qochmaymiz.

Vazirlar ham odam. Biz ham issiq jonmiz. Piyoda yurishni yaxshi ko‘raman. Qancha ko‘p yursak, shuncha yaxshi. Lekin bitta tomoni bor. Biz ulgurishimiz uchun imkoniyatimiz afsuski cheklangan. Sizlarga dardim aytish, nolish niyatim yo‘q, lekin bir narsa: ba’zi bir paytlarda omadim chopsa 5 soat uxlayman. To‘g‘risi. Ishonasizlarmi, ishonmaysizlarmi, bu – o‘zlaringga havola. Men o‘zim shaxsan 5 soat uxlayman, agar omadim chopsa.

— XTV tizimida va umuman O‘zbekistondagi istalgan tizimda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yish qanchalik to‘g‘ri?

— Xalq ta’limi tizimida qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yilgan tomonlari juda ko‘p deb o‘ylayman. Bilasizlar, mahallada... biz sovet paytida tug‘ilganmiz, buvim mahalladagi maktabning direktori edilar, rahmatli onam ham o‘sha maktabda dars berganlar. Kelinoyim ham, ammalarim ham o‘sha maktabda dars berganlar.

— Hozirgi kunda bu to‘g‘rimi?

— Bitta narsa-da. Misol uchun, katta mahallada bitta maktab bor... Buni yoqlash ham, yoqlamaslik ham noto‘g‘ri deb o‘ylayman. O‘zimning shaxsiy fikrim, albatta, buni sal cheklashimiz kerak. Qanaqa ma’noda, agar haqiqatda o‘sha mahallada boshqa o‘qituvchilar [bo‘lmasa] yoki boshqa o‘qituvchilar bu maktabga kelmasa va aynan o‘sha [direktorning qarindoshlari bo‘lmish] o‘qituvchi-ustozlar zo‘r bo‘lsa, nimaga yo‘q? Nimaga yo‘q? Zo‘r bo‘lsa? Sizlarda ham balki qarindoshlaring orasida o‘qituvchilar bordir.

Ya’ni agar maktab direktori o‘zining qarindoshlarini faqat tanish-bilish qilib, ularga oylik berish maqsadida jalb qilayotgan bo‘lsa, albatta, bu noto‘g‘ri.

Bitta qo‘shimcha qilaman. Yana qaytaraman, jamiyatimizdagi stereotiplarga hamma narsa bog‘liq. Jamiyatda qachonki agar har birimiz har bir masala bo‘yicha to‘g‘ri xulosa qilishni o‘rgansak, o‘shanda nafaqat maktab, barcha yo‘nalishlarda to‘g‘ri masalalar qo‘yiladi, to‘g‘ri yechimlar topiladi.

Mavzuga oid