Jamiyat | 22:55 / 07.11.2018
5853
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 1050 nafar nogiron o‘quvchi o‘z xonadonidagi uy maktablarida to‘laqonli ta'lim olmoqda

O‘zbegimning o‘zligi o‘zgacha.. Taqdir taqozosi bilan nogironlik bilan dunyoga kelgan jigarporasi bo‘lmish farzandini maxsus internatlarga bermay, uyida parvarish qiladi.

Yurtimizda ana shunday imkoniyati cheklangan bolalarga o‘z xonadonida ta'lim berish yo‘lga qo‘yilgan. Alohida e'tibordagi o‘quvchiga hudud jihatdan yaqin bo‘lgan umumta'lim maktablari pedagoglari ta'lim beradilar.

Andijon tumanida yashovchi, qo‘li harakatlanmaydigan qizaloqning oyog‘i bilan surat chizayotganida, oltinko‘llik yana bir oyog‘i va qo‘l harakatlari cheklangan o‘quvchining kompyuterni boshqarib, she'rlar yozayotganida muallimlarning katta mehnati yotibdi.

Bugungi kunda Andijon viloyatidagi umumta'lim maktablarida 1050 nafar o‘quvchilar nogironligi sababli uyda yakka tartibda ta'lim oladilar. Ularning 539 nafari 1-4 sinf, 511 nafari 5-11 sinf o‘quvchilari hisoblanadi. Mazkur o‘quvchilarning uylariga doska, parta, stul va o‘quv qurollari bilan keltirib, ta'lim olishlari uchun qulayliklar yaratilgan.

Hududdagi ta'lim muassasalarining uyda yakka tartibda ta'lim oluvchi nogiron o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Furqatbek Buzrukov va bir guruh mutasaddilar bilan Andijon va Oltinko‘l tumanlaridagi ta'lim muassasalarining nogironligi bo‘lgan o‘quvchilari uylarida bo‘ldik.

Andijon tumani, Damariq MFY hududida yashovchi, 51-umumta'lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Azizbek Mamadaliyev, Andijon tumani Qoraqalpoq MFY, Intizor ko‘chasida yashovchi, 19-umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Muhayyo Hamidova, Oltinko‘l tumani, Chaqqon-2 mahallasida yashovchi, 51-umumta'lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Shahnozaxon O‘lmasova, Oltinko‘l tuman Saroy mahallasida yashovchi, 3-umumta'lim maktabi 4-sinf o‘quvchisi Abdulhamidov Jasurbeklarning uyida ta'lim olish jarayonida juda ko‘p narsalarni o‘rganganiga guvoh bo‘ldik.

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi rahbari Furqatbek Buzrukov nogiron o‘quvchilarga kitoblar va o‘quv qurollari jamlanmalarini topshirdi.

Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ muxbiri

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid