Jahon | 10:01 / 07.11.2018
25622
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing 737 samolyotlari o‘z-o‘zidan pastga sho‘ng‘ishi mumkinligi aniqlandi – OAV 

Foto: Simon Dawson/Bloomberg

Boeing kompaniyasi o‘zining yangi modeli Boeing 737 Max’dan foydalanayotgan aviakompaniyalarga ushbu samolyotlar parvoz nazorati tizimining xato ko‘rsatkichlari sababli o‘z-o‘zidan tumshug‘i bilan pastga sho‘ng‘ishi mumkinligi haqida ogohlantirish jo‘natmoqchi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi bir manbaga iqtibos keltirgan holda xabar berdi.  

Manbaning tushuntirishicha, bu ogohlantirish Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati tergovining dastlabki natijalariga asoslangan. Aniqlanishicha, Boeing 737 Max samolyotlari oqim harakatlanishi jarayonlari muvozanati buzilgan muayyan vaziyatlarda tumshug‘ini pastga avtomatik tushirishi mumkin.   

Manbaning ta'kidlashicha, ogohlantirish 7 noyabrda Jakarta vaqti bilan ertalab jo‘natilishi mumkin. Unda uchuvchilar ushbu muammodan qochish uchun nima qilishlari kerakligi bo‘yicha ko‘rsatmalar beriladi.

Lion Air aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti 29 oktabr ertalab Jakartadan havoga ko‘tarilgandan 13 dadqiqa o‘tib G‘arbiy Yava sohillari yaqinida dengizga qulagan. Samolyot bo‘laklari suv ostida 30-40 metr chuqurlikda bo‘lib, katta maydonga yoyilib ketgan.

Fojiaga nima sabab bo‘lgani hozircha noma'lum. Samolyot 2018 yilda ishlab chiqarilgan va avgustdan boshlab ishlatila boshlangan. Samolyot bortida hammasi bo‘lib 189 kishi bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid