O‘zbekiston | 17:45 / 09.11.2018
11560
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda past daromadli oilalarning 75 foizi ijtimoiy nafaqalarga ega emas 

Toshkentda davlat va nodavlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot va moliyaviy institutlar vakillari ishtirokida "O‘zbekistonning ijtimoiy himoya tizimini baholash" mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, YUNISEF, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan tashkil qilindi. 

Seminar ishtirokchilari O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini baholash natijalarini muhokama qildilar. Ushbu baholash hukumat taklifiga muvofiq uchta xalqaro tashkilot tomonidan o‘tkazilgan bo‘lib, u qonunchilik va institutsional asoslarni, ijtimoiy himoya dasturlarining loyihalash va amalga oshirish mexanizmlarini aks ettiradi va bu boradagi ishlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimi yaxlitlikda amalga oshirilmaydi, bu esa, o‘z navbatida, ijtimoiy himoyaga sarflanayotgan xarajatlarning samarali bo‘lmasligiga hamda ijtimoiy xizmatlar sifatining pasayishiga olib keladi. 

Seminar ishtirokchilarining ta'kidlashicha, ijtimoiy himoyaning milliy strategiyasi zarurligi hamda ijtimoiy himoya sektoriga mas'ul bo‘lgan yagona organning tashkil etilishi ushbu sohani mukammallashtirishga xizmat qiladi. Bu turli ijtimoiy dasturlar o‘rtasida muvofiqlashtirishni kuchaytirishi hamda aholining zaif qatlamlari uchun ijtimoiy xizmatlardan bahramand bo‘lish imkoniyatini yaratishi mumkin. 

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda, yalpi ichki mahsulotning 10 foizga yaqini ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarga ajratiladi, bu xalqaro amaliyotga muvofiq yaxshi ko‘rsatkichdir. Davlat byudjyetining 60 foizga yaqini ijtimoiy xarajatlarga sarflanadi. Biroq ijtimoiy himoya tizimiga qilinayotgan sarmoyalarning samaradorligini yanada takomillashtirish lozim. Bolalar, nogironligi bo‘lgan insonlar va norasmiy sektordagilarni mavjud tizim yetarlicha qo‘llab-quvvatlamaydi. 

2018 yil iyul oyida o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari milliy so‘rovining natijalariga ko‘ra, past daromadli oilalarning 75 foizi ijtimoiy nafaqa olmasligi ma'lum bo‘ldi. Oilalarni qo‘llab-quvvatlaydigan va ularni kam daromadli holatdan chiqarish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy ish hukumat ichidagi funksiya sifatida shakllantirilmagan.  

“O‘zbekiston ijtimoiy himoya hukumat tomonidan ham, hamjamiyatlar tomonidan ham ko‘rsatilishining kuchli tarixiga ega. Biroq so‘nggi yillarda tizim bo‘laklangan bo‘lib, bu holat qamrov va xizmatlar sifatining samarasiz bo‘lishiga olib keldi,” - dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ijtimoiy siyosat bo‘limi rahbari Yuliya Oleynik. 

“Aholining zaif qatlamlari xavf va zarbalardan himoyalangan bo‘lishi uchun ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish ustuvor masala bo‘lishi kerak”, deb qo‘shimcha qildi u.  

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid