O‘zbekiston | 17:18 / 10.11.2018
7314
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Inson huquqlari bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinadi

Foto: United Nations

Bu yil 10 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganiga 70 yil to‘ladi. Dunyoning 193 mamlakati qatorida O‘zbekiston ham mustaqillikning ilk yillaridayoq qo‘shilgan hujjatlaridan biri ham aynan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hisoblanadi.

Shu munosabat bilan 2018 yil 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tadi. Unda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, Osiyo qit'asida joylashgan davlatlarning inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi institutlari rahbarlari, huquqshunos olimlar va boshqalar ishtirok etishi kutilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazidan ma'lum qilishlaricha, forumga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Osiyo forumi yakunlari bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zA xabarida ma'lum qilinmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasida davlatlar tomonidan xalqaro hujjatlarga muvofiq barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya qilish va himoya qilish borasida samarali tizim yaratishga oid maqsadlar ko‘zda tutiladi.

Forum natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Toshkentdagi qo‘shma bayonotini qabul qilish ham rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand forumi prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 5 mayda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida“gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida o‘tkazilmoqda. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid