Jahon | 07:47 / 14.11.2018
5646
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh XAMAS va “Hizbulloh” yetakchilari haqidagi axborot uchun mukofot puli tayinladi

Foto: AP Photo / J. Scott Applewhite

AQSh XAMAS yetakchisi Solih al-Aruriy va Livanning “Hizbulloh” harakati rahbarlari Halil Yusuf Mahmud Harb va Hotam Ali Tobotoy haqidagi axborot uchun 5 mln dollar mukofot puli taklif qildi. Bu haqda AQSh davlat departamenti e'lon qilgan.  

Ta'kidlanishicha, al-Aruriy XAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari va harakatning jangovar qanoti “Izzidin al-Qassa” brigadasi asoschilaridan biri hisoblanadi. AQSh davlat departamenti fikricha, al-Aruriy XAMASning Iordan daryosining chap qirg‘og‘idagi harbiy operatsiyalarini moliyalashtirgan va boshqargan hamda bir nechta terakt va odamlar o‘g‘irlanishiga aloqador.  

2017 yilda al-Aruriy 2014 yil 12 iyunda G‘arbiy qirg‘oqda uch isroillik o‘smirning o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishi uchun XAMAS javobgar ekanligini e'lon qilgan.

Halil Yusuf Mahmud Harb “Hizbulloh” harakati bosh kotibi Hasan Nasrullohning maslahatchisi hisoblanadi. Davlat departamenti fikricha, u harakatning Falastindagi va Yaqin Sharq davlatlaridagi harbiy operatsiyalariga qo‘mondonlik qilgan va ularni nazorat qilgan.

Hotam Ali Tobotoy esa “Hizbulloh”ning harbiy yetakchilaridan biri bo‘lib, harakatning Suriya va Yamandagi maxsus kuchlariga qo‘mondonlik qilgan. Davlat departamenti fikricha, bu kuchlar mintaqadagi vaziyatning barqarorsizlashuviga olib kelgan. 

Ta'kidlanishicha, ikki guruh ham Erondan qurol va moliyaviy ko‘mak oladi. Bu guruhlar davlat departamenti tomonidan 1997 yilda xorijiy terrorchilik tashkilotlari, 2001 yilda esa jahon terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan. 

AQSh 13 noyabrda “Hizbulloh” yetakchisining o‘g‘li Javod Nasrullohni hamda G‘azo sektoridagi “Mujohidlar brigadasi” guruhi va yana 4 kishini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid