Jamiyat | 21:10 / 14.11.2018
87246
8 daqiqa o‘qiladi

«Ma'naviyat hashari». Andijon viloyatida hukumat qaroriga zid tarzda «navbatdan tashqari hashar» e'lon qilindi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov farmoyishi bilan viloyat hududida shu yilning noyabr-dekabr oylari «Ma'naviyat oyligi» deb e'lon qilindi.

«Kun.uz»ga yetib kelgan farmoyish nusxasida viloyatda noyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida xayriya hashari o‘tkazilishi ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlar, korxonalar va muassasalar xodimlarining ixtiyoriylik asosidagi yozma roziligiga ko‘ra bir kunlik ish haqlari xayriya hasharida ishlab topilgan mablag‘ sifatida Andijon viloyati hokimligining maxsus hisob raqamiga tushirilishi lozimligi belgilangan.

Viloyatda «Ma'naviyat oyligi» va «Ma'naviyat» umumxalq xayriya hashariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha viloyat shtabi tuzilgan. Shtabga viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov, uning birinchi o‘rinbosari A.Egamberdiyev, Ma'naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi rahbari M.G‘ofurov rahbariyat vakillari sifatida, viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i B.Haydarov, viloyat g‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i X.Sultonov, viloyat Statistika boshqarmasi boshlig‘i V.Novik, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Azimov, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i v.v.b Sh.Mamajonov, viloyat teleradiokompaniyasi raisi M.Karimov, «Andijonnoma» va «Andijanskaya pravda» gazetalari tahririyati bosh muharriri S.Shukurov, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi U.Abdullayev, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi O.Yuldashev a'zolar sifatida kirgan.

Shtab a'zolari «Ma'naviyat oyligi» va oylik doirasida o‘tkaziladigan «Ma'naviyat» umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish tadbirlariga fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, uy-joy mulkdorlari shirkatlari, ta'lim muassasalari va boshqa tashkilotlar, viloyat aholisi, ayniqsa yoshlarni keng jalb etish choralarini ko‘rib, bu borada tushuntirish ishlari olib borishlari ko‘rsatilgan.

Shunday shtablar viloyatlardagi shaharlar va tumanlar hokimliklar qoshida ham tuzilgan.

«Viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar hamda shahar, tuman hokimliklari «Ma'naviyat» umumxalq xayriya hashari munosabati bilan amalga oshirilgan ishlar hamda bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘larni Andijon viloyati hokimligining hisob-raqamiga o‘tkazib berilishi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni viloyat shtabiga axborot qilib borsin», deyiladi farmoyish matnida.

Hashar doirasida turar-joy mavzelari, qishloqlar, mahallalar, ko‘cha va yo‘llar hamda bolalar sport maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va bo‘yash, ko‘p qavatli binolar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, tarixiy obidalar, ziyoratgoh va qabristonlarni, shuningdek, ariq va zovurlarni tozalash hamda qurilish va maishiy chiqindilarni belgilangan joylarga tashish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish, shuningdek, keksa va nogiron kishilar holidan xabar olish kabi homiylik ishlari o‘rin olgan.

Viloyat hokimining farmoyishida garchi xodimlarning bir kunlik ish haqi ixtiyoriylik asosida ushlab qolinadi, deb yozilgan bo‘lsada, lekin viloyat hokimi o‘rinbosari A.Egamberdiyev tomonidan 9 noyabr kuni imzolangan xabarnomada shahar va tuman hokimlariga o‘zlari rahbarlik qilayotgan hududdagi korxona, boshqarma va muassasalarda ishlayotgan ishchi-xodimlarning bir kunlik ish haqlarini belgilangan tartibda viloyat hokimligining maxsus hisob-raqamiga to‘liq o‘tkazib berish uchun 14 noyabrga qadar muhlat berilgan. «To‘liq o‘tkazib berish ta'minlansin» degan iboraning o‘zi ushbu hashar qay darajada ixtiyoriy-majburiy tashkil qilinganini ko‘rsatib turibdi.

2018 yil 1 oktabr holatiga ko‘ra, Andijon viloyati aholisi soni 3 million 50 ming 494 kishini tashkil etgan. Shundan 1 million 813 ming 787 kishi mehnatga yaroqli hisoblanadi. Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Andijon viloyatida 1 million 263 ming 229 kishi band aholi, shundan 414 ming 796 kishi rasmiy sektorda, ya'ni, davlat tashkilotlari xodimlaridir.

Davlat tashkilotlari xodimlaridan hokimlikning maxsus hisobiga qancha mablag‘ o‘tkazilganini (hokim farmoyishiga ko‘ra bugun oxirgi muddat) kalkulyator hisoblab beradi. Lekin bu mablag‘ o‘z egalariga albatta qaytarilishi zarur.

Zero, mahalliy rahbarlar o‘zboshimchalik bilan umumxalq hashari e'lon qilishga, boz ustiga hasharchilardan mablag‘ yig‘ib olishga haqli emas.

Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-sonli qaroriga ko‘ra, umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda, faqat ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshoot tomlari, maxsus ishlab chiqarish obektlari, shuningdek, insonning hayoti yoki sog‘ligiga xavf tug‘ilishi yuzaga keluvchi boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish qat'iy taqiqlangan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda odatda yiliga ikki marta umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Joriy yilda 18-19 mart kunlari (Navro‘z bayrami arafasida) va 18-19 avgust kunlari (Qurbon hayiti bayrami arafasida) Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan respublika bo‘ylab umumxalq xayriya hashari o‘tkazilgandi.

Umuman olganda, Vazirlar Mahkamasining ixtiyoriy-majburiy mehnatni taqiqlashga doir qarori qabul qilingunigacha viloyatlarda hokimlar farmoyishi bilan hasharlar o‘tkazish va davlat ishchilaridan bir kunlik ish haqlarini yig‘ib olish odatiy hol bo‘lgan. Shunday hasharlar o‘tkazilgani haqida matbuotda hisobot materiallari ham nashr etilgan.

Lekin o‘shanda ham hokimlarning farmoyishiga jimgina bo‘ysungan fuqarolar endi ham tegishli joylarga murojaat qilib, o‘z huquqlarini talab etishmayapti. Holbuki, ixtiyoriy-majburiy hasharga jalb etilganlar Bosh prokuraturaga 1007 telefon raqami orqali, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga 71-200-06-00 raqami orqali yoki Adliya vazirligiga 1008 raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.

Shu kunlarda Andijon viloyatida e'lon qilingan ma'naviy hashar bo‘yicha ham tegishli idoralarga murojaat qilinmagan.

Sayt tahririyatiga kelib tushgan ma'lumot bo‘yicha viloyat hokimligidan izoh olishga bo‘lgan harakatlar zoye ketdi.

O‘zbekiston prezidentining majburiy mehnatga qarshi olib borayotgan siyosati nega joylarda amalda emas? Fuqarolar nega o‘z farzandlarining rizqini qiyishga ko‘nishmoqda? Amaldorlar nega adolatsizlikka bosh qo‘shishmoqda? Nega majburiy mehnat ma'naviyat niqobi bilan pardalanmoqda?

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov hukumat qarorlarini tan olmaydimi?

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan videoselektorda «qonun va hujjatlarga xilof ravishda hashar hamda shanbaliklar tashkil etish amaliyotiga barham berish» to‘g‘risida gapirgan Bosh vazir Abdulla Aripov xodimlarni majburiy mehnatga jalb etishda davom ettirish prezident va davlat siyosatiga qarshi chiqish ekanini ta'kidlab o‘tgan edi.

Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid