O‘zbekiston | 08:17 / 14.11.2018
11985
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan quyidagilar parrandachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar etib belgilandi: 

raqobatbardosh parranda mahsulotlari ishlab chiqarish orqali aholini yetarli miqdorda parranda mahsulotlari bilan barqaror va maqbul narxlarda ta'minlash, eksport salohiyatini oshirish; 

ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda parrandachilik klasterlarini tashkil qilish, bunda innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish; 

sohaga faol investitsiya jalb etish orqali parranda mahsulotlarini, shu jumladan, parranda chiqindilarini chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli parranda mahsulotlarini ishlab chiqarish; 

ilmiy-diagnostika laboratoriyalar tashkil qilish orqali parrandalar orasida kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish choralarini ko‘rish; 

ozuqa bazasini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi ozuqa va vitaminlarni ishlab chiqarish; 

parrandachilik sohasida yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarni hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta'minlash. 

Shuningdek, parrandachilik loyihalari hajmi va uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan valyuta turidan qat'i nazar, tijorat banklari tomonidan 2019-2020 yillarda ajratilayotgan kreditlar foizi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya berishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

aylanma mablag‘larni to‘ldirishga (inkubatsion tuxumlar, 1 kunlik jo‘ja, ozuqa mahsulotlari, dori-darmon hamda qo‘shimcha komponentlar va boshqalar) tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo kredit stavkasining 5 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda; 

naslli ona tovuq va barcha turdagi texnologik asbob-uskunalar sotib olish, parrandachilik klasterlarini va inkubatsiya sexlarini tashkil qilish, parranda mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, parrandachilikka ixtisoslashgan bino-inshootlarni qurish va qayta ta'mirlash, maxsus texnika va boshqa asosiy vositalarni xarid qilish hamda barpo etish uchun tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 50 foizi miqdorida, ammo kredit stavkasining 10 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda. 

Tijorat banklari parrandachilik loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar mablag‘larini jalb etish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘radi.

Mavzuga oid