O‘zbekiston | 09:55 / 15.10.2024
7287
3 daqiqa o‘qiladi

Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi

2 yil oldin hukumat qabul qilgan qarorga qo‘shimcha kiritilib, jamoat transportining alohida tasmasi bor yo‘lidan boshqa transport vositalari harakatlanishi taqiqlandi. Bundan tezkor va maxsus xizmatlarning mashinalari mustasno. Qaror bilan alohida yo‘lakdan yondosh hududga kirib-chiqish qoidalari ham qat’iy belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 10 oktyabrda qabul qilgan tegishli qarori bilan 2022 yil 12 aprelda qabul qilingan 172-sonli qarorga qo‘shimcha kiritildi.

Unga ko‘ra, 172-sonli qarorga yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan yo‘nalishli jamoat transport vositalaridan tashqari boshqa transport vositalarining harakatlanishini taqiqlashga qaratilgan 171 bob bilan qo‘shildi.

Endi yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan yo‘nalishli jamoat transport vositalari harakatlanishi mumkin va boshqa transport vositalari ushbu yo‘lakda harakatlanishi taqiqlanadi. Bu qoida tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bu yo‘ldan harakatlanishi taqiqlangan transportlar yon ko‘chalarga kirish yoki undan chiqish uchun kirish-chiqish joyidan 50 metr masofada uzuq-uzuq chiziqli joygacha yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joygacha ushbu yo‘ldan harakatlanishi mumkin.

Bunda transport vositasi mazkur yo‘lakda harakatlanib kelayotgan yo‘nalishli transport vositasi harakatiga to‘sqinlik qilmasligi va unga yo‘l bergandan so‘ng yondosh hududga kirish yoki chiqish harakatini amalga oshirishga ruxsat etilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi bilan BHMning ikkidan bir qismi, ya’ni 187 500 so‘m miqdorida jarimaga tortiladi.

Agarda avtomobil o‘sha yo‘lakda to‘xtasa, to‘xtaganda ham bu holat yo‘lovchini tushirish yoki chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmasa, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-6 moddasi bilan BHM miqdorining 2 baravari – 750 ming so‘m miqdorida jarima jazosi beriladi.

Yangilik bilan ayni vaziyat o‘zgaradimi?

Yo‘l harakati xavfsizligi qoidasiga o‘zgartirish kiritilib, avtomobil haydovchilarining majburiyati oshirilayotgani yaxshi. Ammo bunda bir qancha jihatlar inobatga olinishi kerakdek.

Ya’ni MJtKda ayni bu huquqbuzarlik uchun jarima miqdorining oshib borishi qilmishni takroriy sodir etilishiga bog‘lab qo‘yilgan. Ammo avtomatlashtirilgan tarzda ro‘yxatga olinganda huquqbuzarliklarning takroriyligi hisobga olinmaydi.

Buning ustiga jarima 187,5 ming so‘mni tashkil etadi. Jarimaning kamligi, boz ustiga avtobus yo‘liga tushib olganlarni fiksatsiya qilish tizimi deyarli yo‘qligi yoki ishlamasligi ushbu alohida tasmali yo‘laklarda mashinalar harakati kamayishiga olib kelmaydi, hozirgi vaziyat o‘zgarmasligi mumkin.

Mavzuga oid