O‘zbekiston | 09:10 / 18.11.2018
24269
2 daqiqa o‘qiladi

Saratovda o‘zbekistonliklar o‘limi bilan tugagan YTHda ayblanayotgan avtobus haydovchisi qo‘lga olindi

Foto: IA "Vzglyad-info"

Rossiya politsiyasi Saratov oblastida poyezd bilan to‘qnashgan avtobus haydovchisi qo‘lga olindi va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV rasmiysiga asoslangan holda «Interfaks» agentligi xabar bermoqda.

«Ozinskiy posyolkasi hududida yuk poyezdi bilan to‘qnashuvga sababchi bo‘lgan avtobus haydovchisiga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 264-moddasi 5-qismi bo‘yicha (yo‘l harakati qoidalarini buzish) ish ochildi, u qo‘lga olingan», deyiladi xabarda.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash uchun tergov ishlari davom etmoqda.

 17 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00da (Toshkent vaqti bilan soat 13:00da) Saratov viloyati Ozinskiy tumani hududida, «Engels—Yershov—Ozinskiy» trassasining 1-kilometrida, tartibga solinmagan temiryo‘l kesishmasida «Saratov — Ulyanovsk» yo‘nalishi bo‘ylab qatnovchi Mercedes rusumli avtobus yuk poyezdi bilan to‘qnashib ketgan. Avtobusda jami 7 kishi bo‘lgan, avtobus haydovchisi va uning yordamchisi YTHdan omon qolgan.

Qozog‘istonning Astraxandagi konsuli ma'lumotiga ko‘ra, bu avtobus buyurtma qilingan, shu tufayli o‘z yo‘nalishida emas, Chimkentdan Voronejga tomon harakatlangan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, avtobus haydovchisi poyezd yaqinlashayotgani haqida signal berilganiga qaramay, kesishmadan o‘tishga uringan. Buning oqibatida Rossiyaga mehnat muhojirligi uchun yo‘l olgan 5 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan. Hozircha qurbonlarning shaxsi aniqlanmadi.

Mavzuga oid