O‘zbekiston | 21:21 / 13.11.2024
11929
2 daqiqa o‘qiladi

Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi

Avtobuslarni Urganchga olib kelgan korxona imtiyozli kreditlari asosida jami 80 dona Zong tong rusumli jamoat transporti vositalari xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan.

Foto: Transport vazirligi

Urganch shahrida aholiga sifatli jamoat transporti xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, harakat tarkibini yangilash, yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy 30 dona Zong tong rusumli avtobuslar keltirildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu jamoat transport vositalari «Bunyod yo‘lovchi tashish» MChJ tomonidan olib kelingan.

Korxona tomonidan «O‘zmilliybank» AJning imtiyozli kreditlari asosida jami 80 dona Zong tong rusumli avtobuslarni xarid qilish yuzasidan shartnoma tuzilgan.

Hozirda loyihaning birinchi bosqichi doirasida 50 dona avtobus xarid qilindi. Tez orada qolgan 20 dona avtobus Urganch shahriga yetib keladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Xorazm viloyatida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Bunyod yo‘lovchi tashish» MChJ Xitoyning Zhongtong Bus Holding kompaniyasi bilan shartnoma imzolagani, unga ko‘ra, Xitoy zavodi 2023 yil yakuniga qadar Xorazm viloyatiga 100 ta avtobus yetkazib berishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Avvalroq Transport vazirligi Samarqand shahriga noyabr oyida rejalashtirilgan 30 ta elektrobuslarning 8 tasi olib kelingani, yil yakuniga qadar yana 64 ta elektrobus keltirilishini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid