O‘zbekiston | 01:41 / 20.11.2018
16517
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qanday yangi vizalar joriy qilinishi kutilmoqda?

O‘zbekistonda alohida guruhlar vakillari uchun maxsus vizalar joriy qilinishi kutilmoqda. KUN.UZ muxbiri Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning Turizm sohasiga investitsiyalar kiritishga doir birinchi xalqaro forum doirasida taqdim etgan ma'lumotlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Bosh vazir o‘rinbosari xorijiy investorlarga O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, jumladan qator mamlakatlar uchun vizasiz rejimning yo‘lga qo‘yilishi, yana ko‘plari bilan viza tizimi soddalashtirilgani, tranzit va elektron vizalarning joriy qilinishi va so‘nggi statistika haqida ingliz tilida ma'lumotlar berib, oldinda qilinishi rejalashtirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda hukumat 2018 yil oxiriga qadar dunyoning barcha mamlakatlari uchun elektron vizani yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqda.

“Shu bilan birga, asli o‘zbekistonlik, lekin xorijiy mamlakatlarda yashovchi kishilar uchun - “Vatandosh”, O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot va pedagogik faoliyat olishni istagan xorij fuqarolari uchun - “Academic Visa”, davolanish maqsadida O‘zbekistonga kelganlar uchun - “Medical Visa”, yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalarida o‘qishga kelgan talabalar uchun - “Student Visa”, ziyorat maqsadida tashrif buyuruvchilar uchun - “Piligrim Visa” va shular kabi alohida guruhlar vakillari uchun maxsus vizalar joriy qilinishi rejalashtirilmoqda.  Eng asosiysi – “Golden Visa”, bu  xorijiy investorlar uchun uch yillik viza bo‘lib, sarmoyadorlar o‘z xohishlariga ko‘ra uning muddatini ko‘p marta uzaytirish imkoniga ega bo‘lishadi”, - dedi Abduhakimov.

Bundan tashqari, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qiluvchi turistlar uchun yagona “Silk Road Visa”ni joriy qilish ustidagi ishlar ham boshlangani qo‘shimcha qilindi.

Mavzuga oid