Rahmon va Ismoilov Tojikiston-O‘zbekiston hamkorligini muhokama qildilar
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Dushanbeda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov bilan uchrashdi.
Davlat rahbarining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, jumladan, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish muhokama qilindi.
Imomali Rahmon mehmonni qutlab, ushbu tashrif natijalari, uchrashuvlar va muzokaralar Tojikiston hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda muhim omilga aylanishini ma'lum qildi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov Tojikiston rahbari Imomali Rahmonni Rog‘un GES birinchi agregati ishga tushirilgani bilan tabrikladi.
«Men bu ulkan obektning muvaffaqiyatli ishga tushirilganidan qoyil qoldim, ushbu voqea Tojikiston zamonaviy tarixiga muhrlanadi, loyihani amalga oshirish esa nafaqat Tojikiston xalqi, balki Markaziy Osiyo mintaqasining barcha aholisi uchun muhim. Bu noyob loyiha Siz, hurmatli Imomali Rahmon, Sizning qat'iyligingiz va uzoqni ko‘zlagan siyosatingiz tufayli amalga oshdi», - deya ma'lum qildi u.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklikning yangi bosqichiga chiqqani, bunga erishishda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi kuchli turtki bergani ta'kidlandi.
Tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, jumladan, parlamentlararo do‘stlik guruhini faollashtirish va qonunchilik sohasida tajriba almashishdan manfaatdorligini bildirishdi.
Istiqbolli savdo-iqtisodiy, transport-tranzit sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, tovar aylanmasini oshirish, davlat rahbarlarining tashriflari davomida imzolangan muhim hujjatlarning amalga oshirilishi, vizasiz rejim, nazorat-o‘tkazish punktlari, aviaqatnovlarni ochish, temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini barpo etish, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari sifatida e'tirof etildi hamda Tojikiston va O‘zbekiston birodar xalqlarini yaqinlashtirishning asosiy vositasi sifatida baholandi.
Xavfsizlik masalalari muhokamasi chog‘ida quyidagi yo‘nalishlar xalqlar uchun ustuvor va manfaatli deb topildi - mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi hamda transmilliy jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi birgalikda kurashish.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi, deb xabar berdi Tojikiston prezidenti matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon Rog‘un GES sharafiga tashkil etilgan konsertda raqsga tushgandi.
Mavzuga oid
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024
Tojikistonda Counter Strike va GTA videoo‘yinlarini taqiqlash taklif qilindi
15:00 / 19.10.2024
Tojikistonda KXShT mashg‘ulotlarining faol bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
22:55 / 12.10.2024