O‘zbekiston | 13:15 / 23.11.2018
7374
2 daqiqa o‘qiladi

YeOTB rahbari: «O‘zbekiston bankning a'zosi bo‘lishini juda xohlaymiz»

Foto: Anton Novoderejkin/TASS

Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonni o‘ziga a'zo sifatida ko‘rishni istaydi. Bu haqda YeOTB boshqaruv raisi Andrey Belyaninov Moskvadagi «Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasi» xalqaro konferensiyasi doirasida xabar berdi.

«Afsuski, O‘zbekiston bank a'zosi hisoblanmaydi, biz uni bunday maqomda ko‘rishni juda xohlaymiz», - deb tan oldi Belyaninov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bankda dastlabki ish amalga oshirildi, mamlakatga tashrif tashkillashtirildi, uchrashuvlar o‘tkazildi, hattoki O‘zbekiston hududida kredit faoliyati bo‘yicha jiddiy rejalar mavjud.

«Bankimizning barcha ishtirokchilari uchun bu foydali bo‘lardi», - dedi Belyaninov.

Uning ma'lum qilishicha, bank O‘zbekiston bilan ishlash istiqbollarini baholayapti, iqtisodiyotning o‘sib borayotganini ta'kidlaydi, biroq «O‘zbekiston bilan mandat bo‘yicha ishlash imkoni yo‘q, buni juda xohlayapmiz».

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida YeOTB O‘zbekistonda vakolatxona ochishni rejalashtirgani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid