Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Narxni o‘zicha belgilayotgan qashqadaryolik kirakashlar yoxud bunga jim qarovchi mas'ullar hikoyasi
«O‘n oltinchidan gaz narxi osharkan», degandi «Damas» «shopir»laridan biri. Bilsak, tayyor turinglar, yaqinda yo‘lkira ham ko‘tariladi, degan ogohlantirish ekan bu. Xuddi shunday ham bo‘ldi. Hech qayerda - na televizorda, na radio va gazetada bu haqda e'lon qilindi. Ammo taksichilar, go‘yo hammasi bir ovozdan kelishib olganday, yo‘lkirani oshirdi-qo‘ydi. Tabiiyki, ushbu holat bugun ko‘pchilikda haqli e'tiroz uyg‘otmoqda. Chunki kira qiluvchi haydovchidan sababini so‘rasangiz, o‘sha-o‘sha eski bahonasini takrorlaydi: yoqilg‘i qimmatlashdi.

Qonuniy asos bormi?
Avval ham ko‘p bora ta'kidlaganmiz, yo‘lkirani haydovchi ham, tashuv xizmati ko‘rsatuvchi uyushma ham, sohaga mas'ul Avtomobil transporti agentligi viloyat hududiy boshqarmasi ham belgilamaydi. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, avtomobilda yo‘lovchi tashish tariflari mahalliy davlat hokimiyati tomonidan tasdiqlanadi. Yangi tariflarni ishlab chiqishda barchasi hisobga olinadi, albatta. Dastavval xarajatlar qo‘shilib, kalkulyatsiya qilinadi. Qanday yo‘l tutilmasin, six ham, kabob ham kuymasligi - tashuvchi foyda ko‘rishi, yo‘lovchiga ham bu og‘ir botmasligi kerak. Xullas, shu tariqa maqbul narxlar tasdiqlanadi.
Mana bir misol. Shu yilning 21 mayida «Qarshi shahrida yo‘lovchi tashish transportida yo‘lovchilar tashish tariflarini belgilash to‘g‘risida» viloyat hokimining qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, voha markazida yo‘lkiraning cheklangan miqdori yo‘nalishli taksi uchun 1500 so‘m, avtobuslar uchun 1000 so‘m qilib o‘zgartirildi. OAV orqali aholi bu yangilikdan xabardor qilindi. Har jihatdan qonuniy ish ko‘rildi. Shunday ekan, hech bir e'tirozga o‘rin yo‘q.
Yangi narxlarga barcha ko‘nikib ulgurgan bir paytda Qarshi shahridagi aksariyat yo‘nalish «marshrutka»chilari o‘zboshimchalik bilan yo‘l haqini 2000 so‘mga ko‘tarib olgani oshib tushdi. Gapimiz quruq bo‘lmasin. Ijtimoiy tarmoqda o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashganlarning bildirishicha, viloyat markazidagi 3-, 6-, 12-, 16-, 33 va 37-yo‘nalishlar «Damas» haydovchilari shu narxda yo‘lovchi tashimoqda. Bundan tashqari, shahar atrofida qatnovni amalga oshirishi mo‘ljallangan Beshkent-Qarshi, Shahrisabz-Yakkabog‘, Cho‘liota-Qarshi, Shahrisabz-Miraki yo‘nalishlarida ham yo‘lkira o‘zboshimchalik bilan oshirilgan. Buni Shahrisabz shahri ichida qatnovchi «damaschilar» misolida ham ko‘rish mumkin. 1000 so‘mlik masofa 1500 so‘mlik masofaga aylangan. Bu esa, o‘z-o‘zidan aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, kirakashlarning bu xatti-harakati huquqiy asosga egami?»
«Tashuv xizmati narxlariga bu yaqin orada o‘zgartirish kiritilgani yo‘q. Tariflar avvalgi holicha qolgan. Masalan, shahar atrofida yo‘lovchi tashish uchun narx 1 kilometrga 80 so‘mligicha turibdi. To‘g‘ri, bu tarif bugungi talabga mos emas. Axir asosiy yonilg‘i vositalari – benzin va gaz qimmatlashdi. Ammo yangisi hali belgilanmadi. Shunday ekan, yo‘lkirani o‘zboshimchalik bilan oshirishni huquqbuzarlik sifatida baholash mumkin», – deydi Avtomobil transporti agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Norboboyev.

Boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, ayni holat bo‘yicha mas'ul tashkilotlar bilan hamkorlikda doimiy o‘rganish o‘tkazib borilyapti. Buning uchun maxsus ishchi guruh tashkil qilingan. Transportda yurish tariflariga rioya etmagan haydovchi va uyushmalarga chora ko‘rilmoqda. Shunday hol aniqlansa, dastlabki jazo sifatida tartibbuzarning yo‘lovchi tashishga ruxsat beruvchi hujjati – litsenziyasi amal qilishi ma'lum muddatga to‘xtatib qo‘yilarkan. Xo‘sh, natija qanday bo‘ldi? Bunga keyinroq batafsil to‘xtalamiz.
«2500 so‘mdan qatnanglar, deb tayinlashgan»
Qoidaga asosan, muayyan yo‘nalishga egalik huquqini tenderda yutib olgan uyushma, ya'ni avtokorxona shartnomada ko‘rsatilgan tarif bo‘yicha, agar u belgilangan tartibda o‘zgartirilmagan bo‘lsa, yo‘lovchi tashishga majbur. Sub'yekt shuni boshdanoq o‘z zimmasiga olgan. Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 14 iyuldagi 138-son qarori bilan tasdiqlangan «Avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida»gi nizomda ham bu muhim talab va shartlardan biri sifatida qayd etilgan. Afsuski, hamma tashuvchi yuridik shaxs ham bunga to‘la amal qilmayapti. Aksincha bo‘lganda, ular yuzaga kelgan vaziyatni birinchi bo‘lib tartibga solishi, o‘ziga qarashli yo‘nalishda qatnovchi haydovchilarni insofga chaqirishi kerak edi.
«Qarshi tumani Lagandi qishlog‘idan viloyat markaziga qatnovni amalga oshirish chekimizga tushgan. Kilometriga qarab yuz so‘mdan haq olyapmiz. O‘zi 80 so‘m bo‘lishi kerak. Bu tarif qabul qilinganiga ham ko‘p bo‘ldi. «Zapchast», yonilg‘i narxi ham oshdi. Noqonuniy bo‘lsa-da, shunga majburmiz. Sxema bo‘yicha yo‘nalish uzunligi 24 kilometr. Shunga 2500 so‘mdan qatnanglar, deb tayinlashgan. Mahalladan eshitdim, shofyorlarimiz 3000 so‘mdan olyapti deb. Mashina nomerini aytsin, o‘sha «damaschi»ga chora ko‘raman. Hayfsan beramiz, ish haqidan kesamiz. Balki qimmat yurayotganlar, noqonuniy yurganlar bo‘lishi mumkin. Yo‘nalishda litsenziyasizlar ham bor-da. Ularni yo‘qotish borasida tegishli idoralarga xat berganmiz. Natija esa bo‘lmayapti»,– deydi «O‘g‘iloy» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ergash Aliyev.
Tadbirkor qonunga xilof ish tutayotganini o‘zi ham tan olib turibdi. Mayli, uning gaplarini ham asosli deylik. Yo‘lovchi kilometriga 100 so‘mdan haq to‘lasin. Yo‘nalishni band etganlar, uyushma rahbari aytganidek, qatnov davomida to‘liq 24 kilometr yo‘l bosmaydi. Negaki, tegishli sxemada yo‘nalish boshi sifatida sobiq Qarshi avtovokzali ko‘rsatilgan. Biroq «Damas»lar manzilga bu yo‘ldan emas, «eski shahar»dan qatnashini har bir lagandilik biladi. Shuning hisobiga oraliq masofa 17-18 kilometr atrofida. Bu degani, yo‘lkira ham 1700-1800 so‘m (amaldagi tarif bo‘yicha esa 1400-1500 so‘m) nari-berisida o‘rnatilishi kerak, har holda 2500-3000 so‘m emas.

Qolaversa, uyushma bunga ilojsizlikdan qo‘l uradimi yo yo‘q, baribir hamma joyda qonun-qoida ustun bo‘lishi, ijrosi, uning ustidan nazorat ta'minlanishi shart. Xo‘sh, buning uchun mas'uliyatli sanalgan Avtomobil transporti agentligi viloyat boshqarmasi o‘z vazifasini qanday uddalab kelmoqda?
Shahrisabzda nima gaplar?
Shahrisabz shahri ham «Damas»larga boy makon. Shahrisabz-Kitob va ichki yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovchi mashinalar serob. Qarangki, ular ham narx-navoni oshirib olishgan. «Damaschi»lardan so‘z olamiz...
- Aka, yo‘l kira 1000 so‘m edi, birdan 500 so‘mga ko‘tarilibdi, tinchlikmi?
- Ukam, «Metan zapravka»larga borib ko‘rgin navbatni, narxi bilan qiziqib ko‘r, keyin savolingni o‘ylab berasan...
«Biz «16» va «18» yo‘nalishlari bo‘yicha harakat qilamiz. Uyushmaga har kunlik to‘lov qilamiz. Yo‘llar rasvo. Oxiri «shopir»lar o‘zi pul tashlashib, qatnaydigan yo‘llarimizga shag‘al to‘ktirdik. Bu nima adolatsizlik, bularga kim qaraydi? Biz berayotgan har kunlik pullar qayoqqa ketyapti?», – deydi haydovchilardan biri.
«j» band bo‘yicha 2ta holat aniqlangan
Ma'lum bo‘lishicha, hududiy boshqarmada avtokorxona va taksi haydovchilarining litsenziya talab va shartlariga amal qilishini nazorat qiluvchi alohida bo‘lim mavjud. Ayni vaqtga qadar ham ushbu bo‘lim mutaxassislari tomonidan qoidabuzarliklar aniqlab kelingan. Tegishli choralar qo‘llangan.

«To‘g‘ri, belgilangan tarifga amal qilmay yo‘lovchi tashish holatlari bor. , - deydi shu bo‘lim boshlig‘i Akrom Do‘sanov.
Bu vaziyatda biz darhol dalolatnoma rasmiylashtirib, aybdor avtokorxonani javobgarlikka tortamiz. Yo‘lkirani qimmat qilib yurgan avtotransport vositasi haydovchisi litsenziyasi 10 ish kuniga to‘xtatiladi. Yana takrorlansa, muddat 6 oyga cho‘ziladi. Bunda biz rejali ish qilamiz. Bir hududga chiqib, reyd o‘tkazamiz. Boshqa masalalar qatorida tarifga rioya qilinishi ham o‘rganiladi. Bunday holatlar ko‘p. Shu bois hammasini to‘liq bartaraf etolmaymiz. Birini ko‘rsak, birini ko‘rolmay qolishimiz mumkin. Ba'zan tushuntirish o‘tkazish bilan cheklanamiz.
Mas'ulning so‘zlariga ishonsak, bu yo‘nalishda katta ko‘lamli ish qilinayotgandek ko‘rinadi. Taqdim etilgan ma'lumotlar esa aksini aytib turibdi. Jumladan, 2018 yil 2 fevraldagi bayonnoma asosida 31ta holatda xo‘jalik yurituvchi sub'yektga chora qo‘llangan. Sabablar esa quyidagicha. «Avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida»gi nizomning 9-qismi «a» bandiga ko‘ra, lisenziat avtotransport vositalaridan foydalanishda, ularni shaylashda qonun hujjatlariga, tashish qoidalariga rioya qilmagan, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rmagan, «z» band (tashish va yong‘in xavfsizligi talablarini bajarish, avtotransport vositasini texnik jihatdan soz holatda saqlash, uni asrash, texnik ko‘rikdan o‘tkazish, xavfsizlik texnikasini ta'minlash, avtotransport vositalarini yo‘lga chiqishdan oldin texnik ko‘rikdan o‘tkazish va haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish)ga muvofiq ish tutmaganlar ham ko‘p. Lekin shu o‘tgan 10 oydan ortiq vaqt mobaynida «j» band, ya'ni vakolatli organlar bilan tuzilgan shartnoma asosida transportda yurish tariflariga rioya etmaslik bo‘yicha bor yo‘g‘i 2ta holat aniqlangan, xolos.

Nima, nazoratchilar shu vaqtgacha yo‘lkirani asossiz oshirish bo‘yicha boshqa holatga duch kelmaganmi? Nahotki, «marshrutka»chi o‘zi istagandek narx belgilab yurgani yuzasidan faqat shu ikki holatgina ko‘zga tashlangan bo‘lsa. Uzoqqa bormaylik. Viloyat hokimining 21 maydagi qarori qabul qilinmasdan turib, Qarshi shahrida besh-olti oylab yo‘lovchilardan asossiz ravishda ortiqcha 500 so‘mdan haq olinganda ham mutasaddilar indamay jim qarab turgandi. Ko‘rinadiki, yonidagi muammoga tomoshabin sifatida qarash mazkur boshqarma xodimlarining eski «kasali».
Ishingiz faqat litsenziyalashmi?
To‘g‘ri-da, poymol etilayotgan yo‘lovchi huquqini ta'minlay olmasa, belgilangan tariflarni pisand qilmayotgan yo‘nalishlar egalari faoliyati va «damas»chilarni tartibga sololmasa, bunday mutasaddi tashkilotning qanday o‘rni bor?! Ularning ishi faqat uyushma va haydovchilarni litsenziyalashdan iborat bo‘lib qolmayaptimi? Bu muammoga jiddiy e'tibor qaratishdan nima ularni to‘syapti? Yoki kimningdir oldida tili qisiq joyi bormi?
Yo‘lkira oshsa, oshibdi-da, gaz narxi ham ko‘tarildi-ku, shundan ham fojia yasash kerakmi, deydiganlar topiladi. Xulosa qilishga shoshilmang. Gaz qimmatlashgan bo‘lsa, 500 yoki 1000 so‘mga oshdi (ko‘pchilik «damas»chilar propan emas, arzon metan «zapravka» qilib yurishini ham inobatga olish kerak). Kirakashning og‘zidan eshitganim shuki, ilgari gazga 40 ming so‘m sarflagan bo‘lsa, endilikda shunga ortiqcha 10 ming so‘m ishlatyapti. Agar bir «Damas» haydovchisi bir kunda 100 yo‘lovchi tashisa, ulardan jami 50 ming so‘m qo‘shimcha haq olyapti. Atigi 10 ming so‘m qo‘shimcha xarajat qilish evaziga 40 ming so‘m ortiqcha olinayotgani g‘alati tuyulmaydimi? Bu o‘ziga xos formula qanday ishlashi endi tushunarlidir. Birgina Qarshi shahrida yo‘nalishlarda 1580ta «Damas» qatnaydi. Endi o‘zingiz o‘ylang, yo‘l haqini asossiz ko‘tarib olishi evaziga qanchadan-qancha pul davlat byudjyetiga ham emas, «marshrutka»chi cho‘ntagiga kiryapti, noqonuniy aylanayapti. Jabrini kim tortmoqda? Albatta, yo‘lovchilar, siz va biz...
Mirzohid Jo‘rayev,
Sarvar Anvar o‘g‘li
Mavzuga oid
19:37 / 04.06.2026
Qashqadaryolik eshak go‘shti savdogari: u uch oyda ikki bor sudlandi
19:37 / 23.04.2025
Qashqadaryoda 14 yoshli o‘smir boshqaruvidagi Gentra YTHga uchradi. Qurbonlar bor
16:04 / 26.03.2025
Shahrisabz aeroporti faoliyatini tikladi
23:40 / 14.03.2025