Jahon | 15:20 / 25.11.2018
7149
3 daqiqa o‘qiladi

YeI sammiti Brexit bo‘yicha kelishuvni tasdiqladi

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqining 27ta davlati hukumatlari rahbarlari yakshanba kuni Yevropa Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Buyuk Britaniyaning ittifoqdan chiqishi bo‘yicha kelishuvni (Brexit) tasdiqlashdi. Bu haqda Yevrokengash rahbari Donald Tusk ma'lum qildi.

Kelishuvdan tashqari, Brexit haqidagi hujjatlar paketiga Birlashgan Qirollik hamda Yevropa Ittifoqining kelgusidagi munosabatlari belgilab berilgan siyosiy deklaratsiya ham kiritilgan.

YeIning muzokaralardagi koordinatori Mishel Barnening aytishicha, Yevroittifoq hamda Buyuk Britaniya keyingi muzokaralarni 2019 yilning 30 martidan, ya'ni Britaniyaning YeI tarkibidan chiqadigan kunning ertasiga boshlashi mumkin bo‘ladi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Britaniya tashkilot faoliyatida muhim o‘rin tutishda davom etishini aytib o‘tgan.

Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker Bryusseldagi sammitda Buyuk Britaniya YeIni tark etishini fojiali hodisa deb atadi.

«Buyuk Britaniyadek mamlakat Yevropa Ittifoqini tark etishini kuzatar ekanmiz,— buni xursandchilik bilan qarshilab, nishonlash kerakmas, bu g‘amgin va fojiali lahzalardir»,— deya uning so‘zlarini keltirgan AFP.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey mamlakat xalqiga ochiq xat bilan murojaat qildi. Murojaat matni The Telegraph nashrida e'lon qilingan.

Mey o‘z maktubida mamlakat aholisini Yevroittifoq bilan Brexit bo‘yicha kelishuv loyihasini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.

«2019 yil 29 mart kuni Birlashgan Qirollik Yevropa Ittifoqini tark etadi va xalqimiz hayotida yangi sahifa boshlanadi. Bu yangilanish va kelishuv nuqtasi bo‘lishini istardim. Biz odamlarni mamlakat tuzilmadan chiqishini yoqlab va qarshi ovoz berganlarga ajratishni bas qilishimizni istardim», — ta'kidlagan Britaniya bosh vaziri.

14 noyabr kuni Buyuk Britaniya hukumati Brexit bo‘yicha kelishuvni ma'qullagandi. Endi uni Yevroparlament va Buyuk Britaniya parlamenti tasdiqlashi kerak.

2019 yilning 29 martida Buyuk Britaniya YeIdan chiqishiga rasman start beriladi. 21 oy davom etadigan o‘tish davrida Buyuk Britaniya YeI va bojxona ittifoqi a'zosi bo‘lib qoladi, bu Irlandiya bilan chegarasini ochiq qoldirishi evaziga bo‘ladi. Agar tomonlar 21 oy ichida - 2020 yilning 31 dekabrigacha yangi savdo kelishuviga erisha olishmasa, o‘tish davri muddati uzaytiriladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid