Jamiyat | 18:14 / 26.11.2018
7031
6 daqiqa o‘qiladi

Muammo kimda: Obunachidami yoki tashkilotchida?

Ko‘pchilikka ma'lumki, ayni kunlarda respublikamizning barcha viloyat, shahar-tumanlarida bosma nashrlar uchun obuna ishlari davom etyapti. Bu borada  internet saytlari orqali bosma nashrlar obunasi mavzusida bir necha bor maqolalar e'lon qilindi. Ularning deyarli barchasida internet saytlariga majburiy obuna yuzasidan aholi murojaatlari kelib tushayotgani bayon qilinmoqda.

Shu o‘rinda bir narsani eslatib o‘tmoqchiman. Bosh Qomusimizning tegishli moddalarida O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi o‘zining haq-huquqlariga ega ekanliklari belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda tegishli qonun hujjatlari asosida inson daxlsizligi, uning roziligisiz hech bir ishga majburan jalb qilinmasligi hamda qonunda belgilangan tartiblardan tashqari, uning oylik maoshidan chegirib qolish qat'iyan taqiqlanganini aslo yodimizdan chiqarmaslik darkor. Agar yuqoridagi qonun buzilish holatlari sodir bo‘lsa, fuqarolar o‘z haq-huquqlarini himoya qilishlarini so‘rab, tegishli organlarga murojaat qilishlari mumkin.

Hozirgi kunga kelib xalq orasida davriy nashrlarga bo‘lgan e'tibor biroz kamayishi kuzatilmokda. Buning asosiy sabablarini esa  quyidagi misollarda keltirib o‘tmoqchimiz.

- Respublikamizda chop etilayotgan ayrim gazeta va jurnallarning sifati narxiga mos emasligidir. Ba'zi davriy nashrlarning yillik obuna narxi aql bovar qilmas darajada qimmatligi kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Tahririyatlar tomonidan belgilangan narxlar o‘ta yuqoriligi sababli obunachilar o‘zlari xohlagan nashrlarga obuna bo‘la olishmaydi.

- Tahririyatlar buyurtmalari asosida gazeta va jurnallarni chop etuvchi bosmaxonalarning xizmat narxlarini sun'iy tarzda oshirib yuborganliklari, ularni chop etish uchun zarur bo‘lgan qog‘oz mahsulotlarining tashqi bozorlardan qimmat narxlarda import qilinishi hamda inflyatsiyaning ortib borishi sababli davriy nashrlarning ham narxi ko‘tarilib bormoqda.

- Ayrim mansabdor shaxslarning lavozimlaridan foydalanib, o‘z qaramog‘idagi, «homiy»ligidagi davriy nashrlarning majburiy obunasi tashkil etilishida bosh-qosh bo‘lishidir. Obunachining o‘z xizmat sohasiga tegishli bo‘lmagan davriy nashrlarga majburan obuna tashkillashtirish holatlari ko‘plab kuzatilmoqda. Obunachilar o‘zlari uchun kerak bo‘lmagan, xizmat sohalariga mutlaqo mos kelmaydigan davriy nashrlar uchun rahbariyatning bosimi ostida majburan obuna bo‘lishlari ularning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

- Obunachilarning gazeta va jurnallarga vositachilarsiz (pochta) to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahririyat bilan tuzilgan shartnoma asosida obuna bo‘lishlari natijasida gazeta va jurnallar belgilangan manziliga o‘z vaqtida yetib kelmasligi yoki umuman kelmaslik holatlari ko‘plab kuzatilmoqda. Ayrim tahririyatlar o‘zlari muassisligidagi davriy nashrlarga vositachisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri obuna tashkillashtiradi. Lekin obunachiga gazeta va jurnallarni o‘z vaqtida yetkazishlari uchun yetarlicha imkoniyatlari (xodimlari, transporti) mavjud emasligi natijasida obunachilar orasida bosma nashrlarga bo‘lgan ishonch kamayishiga sababchi bo‘lmoqda.

- Masalaning yana bir muhim jihati, gazeta va jurnallar obunasi bilan shug‘ullanuvchi pochtalar faoliyatining tartibga solinmaganidir. Hozirgi kunda bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi pochtalarning soni Farg‘ona viloyati miqyosida 10-15tani tashkil etadi. Ularning aksariyati xususiy pochtalar hisoblanadi. Ayrim xususiy pochtalarning moddiy texnik bazasi va xizmat faoliyatlariga mos ravishda xodimlar soni yetarlicha emasligi sababli obunachilarga gazeta va jurnallar o‘z vaqtida yetib bormasligi yoki umuman bormasligi holatlari ko‘plab uchramoqda. Ayrim xususiy pochtalar tomonidan obunachilarning davriy nashrlar uchun to‘lagan pul mablag‘larini talon-taroj qilish holatlari ham ko‘plab muammolarga sabab bo‘lyapti.

Qolaversa, o‘zbek xalqi azal-azaldan boshqa xalqlarga qaraganda andishani ko‘proq qadrlovchi xalq hisoblanadi. Shu sababli deyarli barcha obunachilar o‘zlarining ter to‘kib topgan oylik maoshlari hisobidan obuna bo‘lgan gazeta yoki jurnallari tashkilotchilar tomonidan belgilangan manzilga yetkazib berilmasligiga ham  jimgina ko‘z yumib kelishyapti. Shu o‘rinda, ular o‘z xaq-huquqlarini anglagan holda obuna tashkil etuvchi muassasalardan izoh talab qilishsa, yoki ularning ustidan tegishli organlarga murojaat yo‘llashsa ayni muddao bo‘lar edi. Bu bilan ular kelib chiqayotgan muammolarga barham berishda o‘z hissalarini qo‘shgan bo‘lishardi.

Yuqoridagi holatlar mavjudligi sabab xalq orasida bosma nashrlarga bo‘lgan talab avvalgidek emas. Sanab o‘tilgan kamchiliklar va qonun buzilish holatlariga chek qo‘yilsagina, obunachilar o‘zlari uchun kerak bo‘lgan davriy nashrlarni o‘z vaqtida qabul qilib olishadi. Shundagina xalqning bosma Ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan ishonchi yana ortadi.

Ma'rufa SOLIYeVA,
Farg‘ona viloyati

Mavzuga oid