O‘zbekiston | 08:07 / 27.11.2018
40369
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Mudofaa vazirligi qo‘shinlari shayligi tekshiruvining birinchi kuni

26 noyabr kuni erta tongda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligini tekshirish bo‘yicha majmuaviy tadbirlar boshlandi, deb xabar beradi Kun.uz’ga vazirlik matbuot xizmati.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning farmoyishiga binoan 26 noyabr erta tongda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligini tekshirish uchun keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Unga asosan Mudofaa vazirligi qo‘shinlari «Trevoga!» signali bo‘yicha ko‘tarildi. Ushbu o‘quv mashg‘uloti 30 noyabrga qadar, besh kun davomida o‘tkaziladi. Unda Mudofaa vazirligining barcha qo‘shinlari qatnashmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Qo‘qqisdan tekshiruvning asosiy maqsadi — joriy yil davomida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari va boshqaruv organlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash hamda tahlil qilishdan iborat. Qo‘shinlar qo‘llanilishi bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilangan muddat ichida bajarishlari, ya'ni harbiy xizmatchilarning o‘quv-jangovar topshiriqlarni amalga oshirishi va nostandart qarorlarni qabul qilishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatishlari lozim.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bunga qadar harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi faqatgina harbiy okruglar miqyosida tekshirilgan. Bu kabi keng ko‘lamli qo‘qqisdan tekshiruvlar O‘zbekiston armiyasida avval o‘tkazilmagan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i tomonidan vazifalar belgilab berildi va harbiy okrug qo‘mondonliklariga yetkazildi. Shundan so‘ng, statsionar boshqaruv punktlari tashkil etildi va unda amaliy ishlar boshlab yuborildi, harbiy okruglarning mobil boshqaruv punktlari o‘z ishini boshladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bunda asosiy e'tibor qo‘shinlarni barqaror va uzluksiz boshqarishni tashkil etish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Tekshiruvning ushbu bosqichida xavfsizlik qoidalariga, harbiy texnika va qurollarning sozligiga qat'iy rioya qilindi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Qo‘qqisdan tekshiruv davomida qo‘shinlar harakati ustidan nazorat va tahlilni maxsus tuzilgan Idoralararo ishchi komissiyasi olib bormoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Signal qo‘qqisdan berilgan bo‘lsa-da, qo‘shinlarni shoshirib qo‘ymadi. O‘quv yili davomida qo‘qqisdan bo‘ladigan tadbirlar bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarda eng mas'uliyatli vaziyatlarda jangovar shay holatga tayyor turishini ta'minladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Birinchi kunda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari avto hamda zirhli texnika vositalari tarkibida belgilangan hududlarga kolonna shaklida marshni amalga oshirdi. Harbiylarning ma'naviy va psixologik holati barqaror, shaxsiy tarkib keyingi vazifalarni bajarishga tayyor turibdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mavzuga oid